Foto: AP
O‘zbekistonda yangi iPhone 15 Pro (128 Gb) sotib olish uchun o‘rtacha 123 kun ishlash kerak bo‘ladi. Kaktus.media tahririyati ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarni tahlil qilib, shunday xulosaga keldi.
Nashrning ta’kidlashicha, bunda ishlab topilgan pullar faqat yangi iPhone uchun jamg‘arilishi kerakligi nazarda tutilgan. Ya’ni, ularni oziq-ovqat, kiyim-kechak, ko‘ngilochar va kommunal xizmatlarga umuman sarflamaslik lozim.
Markaziy Osiyo mamlakatlari taqqoslab ko‘rilsa, Tojikiston aholisi Apple kompaniyasining yangi smartfoni uchun eng ko‘p – 144 kun ishlashiga to‘g‘ri keladi. Qozog‘iston aholisi esa eng kam – 70 kun. Qirg‘iziston aholisi 90 kun mehnat qiladi.
Nashrning qayd qilishicha, bunday ko‘rsatkichlarni hisoblab ko‘rish uchun iPhone 15 Pro (128 Gb) smarftoniga oldindan buyurtma berishning o‘rtacha narxlari olingan. Keyin har bir mamlakatdagi o‘rtacha ish haqi miqdori 21 ga, ya’ni 1 oydagi ish kunlarining umumiy soniga bo‘lingan. Manba sifatida statistik qo‘mitalar va mahalliy Apple qurilmalari dilerlari ma’lumotlaridan foydalanilgan.
Avvalroq, Rossiyaning Picodi nashri tahlilchilari iPhone 15 Pro smartfonini sotib olish uchun turkiyaliklar eng ko‘p - 124 kun ishlashi lozim ekanini aniqlagan edi. Qayd qilinishicha, Filippin aholisi bunga 80 kunlik, braziliyaliklar esa 67 kunlik maoshini sarflashiga to‘g‘ri keladi. Rossiyada bu ko‘rsatkich 47 kunga yaqin. Xitoy aholisi 24 kun mehnat qilishi lozim. Rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich yanada kichikroq: yangi iPhone 15 Pro sotib olish uchun yaponiyaliklar 13 kun, germaniyaliklar 10 kun, singapurliklar va avstraliyaliklar 7 kun sarflaydi. AQSH aholisi Apple kompaniyasining yangi smartfonini sotib olish uchun 6 kun mehnat qiladigan bo‘lsa, Shveysariya aholisi atigi 5 kun ishlashi kifoya.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring