date

Yangi quyosh panellari bilan yerdan ikki yo‘nalishda foydalanish imkoni

Yangi quyosh panellari bilan yerdan ikki yo‘nalishda foydalanish imkoni
Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligi yerlaridan ikki yo‘nalishda foydalanish imkonini yaratadigan noyob loyiha amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi tashabbusi bilan Toshkent tumanida “Agri-PV” agro-fotovoltayik loyihasiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi tashkil etildi, deb xabar berdi vazirlik.

Tadbir Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti binosida o‘tkazildi. Unda mahalliy aholi vakillari, davlat tashkilotlari mas’ullari hamda ekologik ekspertlar qatnashdi. Tadbir davomida loyihaning asosiy maqsadlari, amalga oshirish bosqichlari va atrof-muhitga bo‘lishi mumkin bo‘lgan ta’sirlari haqida keng ma’lumot berildi.

Loyihaning mazmuni va amalga oshirish rejasi

Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 9 sentyabrdagi 220-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrdagi 541-son qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Loyiha “Business Advanced Experts” MCHJ va xalqaro hamkor sifatida fransuzlarning "VOLTALIA" kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Quvvati 507,78 kVt/s bo‘lgan stansiya 1,5 gektar yer maydonida quriladi. Loyihaning bir gektarlik qismida 819 ta quyosh paneli o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Qurilish ishlari 2025 yil avgustida boshlanib, 2026 yil fevralida to‘liq yakunlanishi mo‘ljallangan.

Yerdan ikki yo‘nalishda foydalanish imkoniyati

Agro-fotovoltayik texnologiyasi qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanishga imkon beradi. Uning yordamida yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishi bilan bir qatorda elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayoni ham amalga oshiriladi. Bu usul suv resurslarini tejash, hosildorlikni oshirish va fermer xo‘jaliklari uchun qo‘shimcha daromad manbaini yaratish imkonini beradi. Shu bilan birga, qurilish davrida 25 nafar ishchi ish bilan ta’minlanishi rejalashtirilgani ham katta ahamiyatga ega.


Ekologik va ijtimoiy ta’sir muhokamalari

Jamoatchilik eshituvida loyihaning atrof-muhit va jamiyatga ta’siri batafsil muhokama qilindi. Qurilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar — shovqin, chiqindilar, havo changalanishi kabi omillar haqida tushuntirishlar berildi. Ularni kamaytirish uchun chiqindilarni alohida yig‘ish, maxsus poligonlarga chiqarish, qurilish maydonini suv bilan namlash, og‘ir texnikadan faqat kunduzgi paytlarda foydalanish kabi aniq yechimlar taklif etildi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Yangi quyosh panellari bilan yerdan ikki yo‘nalishda foydalanish imkoni