Neyrotarmoq yordamida MacOS himoyasini buzib kirishdi

AQShning Calif kompaniyasi tadqiqotchilari Anthropic Claude Mythos neyrotarmog‘i yordamida MacOS tizimining himoya qatlamini chetlab o‘tishning yangi usulini topganliklarini ma’lum qilishdi. Mutaxassislar ikki xil zaiflik va qo‘shimcha texnikalarni birlashtirib, Mac xotirasidagi odatda foydalanuvchi yoki ilovalar uchun yopiq bo‘lgan qismlarga kirishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu hujum turi "imtiyozlarni oshirish" (privilege escalation) deb ataladi. Garchi bu usul qurilmani to‘liq nazorat qilish uchun yetarli bo‘lmasa-da, boshqa zaifliklar bilan birgalikda tizimni butunlay egallab olish xavfini tug‘diradi. Claude Mythos yordamida Apple tomonidan "besh yillik muhandislik yutug‘i" deb ta’riflangan Memory Integrity Enforcement (MIE) texnologiyasini chetlab o‘tishga erishildi.
Calif kompaniyasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu ekspluatatsiya kodini yaratish uchun atigi besh kun vaqt sarflangan. Biroq, ular sun’iy intellekt barcha ishni o‘zi bajarmaganini, muvaffaqiyat uchun kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarning tajribasi ham muhim rol o‘ynaganini ta’kidlashdi.
Apple kompaniyasi ushbu xabar yuzasidan tekshiruv boshlaganini va xavfsizlik masalalari ular uchun ustuvor ekanligini bildirdi. Calif esa Apple kompaniyasi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etganidan so‘ng, hujumning texnik tafsilotlarini to‘liq oshkor qilishni rejalashtirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!