Huawei yirik markazda 1 Gbit/s tezlikka ega LampSite yechimini oʻrnatdi

Huawei kompaniyasi Zambiyadagi Mulungushi xalqaro konferentsiya markazida oʻzining 5 diapazonli LampSite yechimini oʻrnatish ishlarini yakunladi. Ushbu majmua Zambiyadagi eng yirik va nufuzli konferentsiyalar hamda biznes koʻrgazmalari oʻtkaziladigan maskan hisoblanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Huawei LampSite ichki tarmoq yechimi besh diapazonli arxitekturaga ega boʻlib, unga 2,6 GGs chastotali TDD oʻrnatilgan. Tizim 1,8 GGs, 2,1 GGs, 2,3 GGs, TDD 2,6 GGs va 3,5 GGs chastotalarida ishlaydi. Bu esa maʼlumotlarni yuklab olishda 1 Gbit/s gacha boʻlgan eng yuqori tezlikka erishish imkonini beradi.
Har bir modul 2G, 3G, 4G va 5G standartlarini qoʻllab-quvvatlashga qodir. Har bir diapazon bitta foydalanuvchi uchun 1 Gbit/s gacha tezlikni taqsimlab bera oladi, bu esa bino ichida ham, tashqarisida ham barqaror gigabitli qoplamani taʼminlaydi.
Optik tolali arxitektura oʻrnatish jarayonini sezilarli darajada soddalashtiradi. Anʼanaviy yechimlar bilan solishtirganda, modullar soni 50 foizgacha qisqartirilgan, biroq qoplama maydoni oʻzgarmasdan qolgan va qurilish xarajatlari kamaygan.
Huawei vakillarining taʼkidlashicha, kelajakdagi ehtiyojlarni hisobga olgan holda, ushbu yechim barcha stsenariylarda 5G-A standartiga muammosiz oʻtishi mumkin. Bu esa XR, toʻldirilgan reallik (AR) navigatsiyasi va koʻzoynaksiz 3D kabi keyingi avlod immersiv xizmatlarini tezkor joriy etishni qoʻllab-quvvatlaydi.





























Izohlar 0
…