Deezer sunʻiy intellekt yordamida yaratilgan musiqalarni aniqlash vositasini ishga tushirdi

Striming xizmatlarida sunʻiy intellekt (AI) yordamida yaratilgan musiqalar koʻpayib borayotgani mualliflik huquqi va firibgarlik masalalarida xavotirlarni kuchaytirmoqda. Koʻplab platformalar hali bu muammoga qarshi samarali vositalar taqdim etmagan bir paytda, Deezer kompaniyasi tashabbusni oʻz qoʻliga oldi. Kompaniya turli striming platformalaridagi pleylistlarni skanerlab, sunʻiy intellekt mahsuli boʻlgan treklarni aniqlaydigan yangi bepul vositani taqdim etdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Ushbu onlayn detektor 27 ta tilni qoʻllab-quvvatlaydi va 20 ta eng mashhur platforma, jumladan Spotify, Apple Music, SoundCloud va YouTube Music foydalanuvchilariga oʻz pleylistlarida sintetik musiqalar bor-yoʻqligini tekshirish imkonini beradi. Apple Music va Spotify kabi raqobatchilar hozircha faqat belgilash (tagging) usuli bilan cheklanayotgan boʻlsa, Deezer bunday treklarni tavsiyalar va tahririyat pleylistlaridan faol ravishda olib tashlamoqda.
Yangi vositadan foydalanish uchun Deezerʻning maxsus saytiga kirib, striming xizmatini tanlash va pleylistlarga kirish ruxsatini berish kifoya. Tizim pleylistni skanerlab, natijalar haqida xabar beradi. Deezer bosh direktori Alexis Lanternierʻning taʻkidlashicha, kompaniya soʻnggi bir yarim yil davomida musiqiy strimingda shaffoflikni taʻminlash boʻyicha yetakchi boʻlib kelmoqda va endi bu imkoniyatni barcha platforma foydalanuvchilari uchun ochiq qildi.
Deezer maʻlumotlariga koʻra, platformaga yuklanayotgan yangi musiqalarning qariyb 44 foizi sunʻiy intellekt yordamida yaratilmoqda. Har kuni tizimga 75 000 ga yaqin, oyiga esa 2 milliondan ortiq AI-treklar kelib tushmoqda. Qizigʻi shundaki, bunday musiqalarning tinglanish ulushi juda past (1-3%) boʻlib, ularning 85 foizi firibgarlik sifatida baholanadi va monetizatsiyadan mahrum qilinadi.
Kompaniya kelgusida yetkazib beruvchilar siyosatini yangilash yoki AI-musiqalarni butunlay oʻchirib tashlash kabi keskin choralar koʻrishni rejalashtirmoqda. Bu borada Deezer joriy yil boshida sunʻiy intellekt musiqalarini taqiqlagan Bandcamp platformasining yoʻlidan borishi kutilmoqda.































Izohlar 0
…