Dunyoning eng kichik radiolokatsion sunʼiy yoʻldoshi Yer tasvirlarini uzatishni boshladi

Kosmik texnologiyalar sohasida muhim yangilik yuz berdi: dunyodagi eng kichik radiolokatsion sunʼiy yoʻldosh hisoblangan “AIST-ST” oʻzining ilk ishchi tasvirlarini Yerga yubordi. Rossiyalik muhandislar tomonidan ishlab chiqilgan ushbu mitti apparat koinotdan turib sayyoramiz yuzasini yuqori aniqlikda kuzatish imkoniyatiga ega ekanini amalda isbotladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Samara universiteti va Sankt-Peterburgdagi Maxsus texnologik markaz mutaxassislari tomonidan yaratilgan “AIST-ST” CubeSat formatidagi ilk radiolokatsion sunʼiy yoʻldosh hisoblanadi. 2024-yilning 5-noyabr kuni orbitaga chiqarilgan ushbu qurilma parvozdan keyingi sinovlarni muvaffaqiyatli yakunlab, oʻzining asosiy vazifasini bajarishga kirishdi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, apparat hozirda Yaponiyaning ayrim hududlari, Panama va Suvaysh kanallari hamda AQSHning Rozamond hududi aks etgan kadrlarni taqdim etgan.
Ob-havo va vaqt tanlamaydigan texnologiya
Mazkur sunʼiy yoʻldoshning asosiy oʻziga xosligi uning santimetrli diapazondagi radiotoʻlqinlar yordamida ishlashidir. Bu texnologiya oddiy optik kameralardan farqli oʻlaroq, qalin bulutlar, tuman va hatto tun qorongʻuligida ham Yer yuzasini aniq “koʻrish” imkonini beradi. Bu esa qishloq xoʻjaligi, ekologik monitoring va favqulodda vaziyatlarni oʻrganishda juda muhim omil hisoblanadi.“AIST-ST” oʻzining oʻlchamlari bilan jahon kosmonavtikasida rekord oʻrnatmoqda. Uning vazni bor-yoʻgʻi 30 kilogramm atrofida boʻlsa-da, bortiga toʻliq quvvatli radiolokator oʻrnatilgan. Odatda bunday murakkab uskunalar ancha yirik va ogʻir kosmik kemalarga oʻrnatilar edi. Kichik hajm va yuqori samaradorlikning uygʻunligi kelajakda arzon va tezkor kosmik monitoring tizimlarini yaratishga yoʻl ochadi.
Hozircha olingan tasvirlar marshrut rejimida, har bir pikselga 5 metr aniqlikda tushirilgan. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, kelgusida sunʼiy yoʻldosh batafsilroq tasvirga olish rejimiga oʻtkaziladi. Bu esa olinayotgan maʼlumotlarning sifati va aniqligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida olingan maʼlumotlar nafaqat ilmiy, balki iqtisodiy ahamiyatga ham ega. Bunday mitti sunʼiy yoʻldoshlar yordamida butun bir tarmoqni (turkumni) shakllantirish mumkin, bu esa Yer yuzasining istalgan nuqtasini real vaqt rejimida kuzatib turish imkonini beradi. Rejaga koʻra, ushbu mitti apparat kamida bir yil davomida faol xizmat koʻrsatadi.






























Izohlar 0
…