OpenAI GPT-5.6 modellar oilasini taqdim etdi

OpenAI GPT-5.6 modellar oilasini umumiy foydalanish uchun taqdim etdi. Yangi avlod uchta variantdan iborat: Sol asosiy va eng kuchli model sifatida, Terra kundalik ish uchun muvozanatli variant sifatida, Luna esa eng tejamkor model sifatida ko‘rsatilgan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, GPT-5.6 kod yozish, bilimga asoslangan vazifalar, kiberxavfsizlik va ilmiy ishlar bilan bog‘liq topshiriqlarda avvalgi modellarga nisbatan samaraliroq ishlashga mo‘ljallangan. OpenAI Sol versiyasi murakkab vazifalarda yuqori natija berishi, kamroq token sarflashi va ayrim jarayonlarni tezroq bajarishini qayd etgan.
Yangi modellarda max va ultra rejimlari ham bor. Max modelga vazifani chuqurroq o‘rganish va natijani qayta tekshirish uchun ko‘proq vaqt beradi. Ultra rejimi esa bir nechta agentni parallel ishlatib, uzoq davom etadigan yoki bir necha bosqichli ishlarini tezroq yakunlashga yordam beradi.
GPT-5.6 faqat matn yoki kod tayyorlash bilan cheklanmaydi. U tayyor natijani tekshirish, interfeys yoki hujjatdagi kamchiliklarni topish va ularni tuzatish imkoniyatlariga ham ega. OpenAI model taqdimotlar, hujjatlar va elektron jadvallar bilan ishlashda aniqroq natija berishi mumkinligini bildirgan.
Yangi avlod ChatGPT, Codex va OpenAI API orqali bosqichma-bosqich tarqatilmoqda. ChatGPT Work xizmatida model Slack, Notion, Microsoft 365 va Google Drive kabi ish muhitidagi ma’lumotlar bilan ishlab, ulardan tayyor hujjat, taqdimot yoki boshqa materiallar yaratishi mumkin.
API orqali dasturchilar Sol, Terra va Luna modellaridan foydalanishi mumkin. OpenAI narxlarni 1 million token hisobida belgilagan: Sol uchun kirish tokenlari 5 dollar, chiqish tokenlari 30 dollar; Terra uchun 2,5 va 15 dollar; Luna uchun 1 va 6 dollar.
Kompaniya modellar ommaviy foydalanishga chiqarilishidan oldin xavfsizlik bo‘yicha keng sinovlardan o‘tkazilganini ma’lum qildi. Unda insonlar ishtirokidagi red teaming, avtomatlashtirilgan testlar va zararli foydalanishga qarshi qo‘shimcha himoya choralari qo‘llangan.































Izohlar 0
…