Hindiston smartfon ishlab chiqarishda yangi bosqichga chiqmoqda: Vivo va Dixon hamkorligi

Hindiston hukumati Xitoyning Vivo brendi va mahalliy Dixon Technologies kompaniyasi oʻrtasida qoʻshma korxona tashkil etish boʻyicha kelishuvni rasman maʻqulladi. Bu qadam mamlakatning smartfon ishlab chiqarish sanoatida Apple kompaniyasidan keyingi yangi davrni boshlab berishi kutilmoqda. Mazkur hamkorlik orqali Hindiston global elektronika bozoridagi oʻz mavqeini yanada mustahkamlashni maqsad qilgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Yangi tashkil etilgan qoʻshma korxonaning 51 foiz ulushi Dixon kompaniyasiga, qolgan 49 foizi esa Vivo brendiga tegishli boʻladi. Bunday tuzilma Hindistonning 2020-yilda joriy etilgan investitsiya qoidalariga toʻliq mos keladi. Ushbu qoidalarga koʻra, Hindiston bilan quruqlikda chegara dosh boʻlgan davlatlardan, xususan Xitoydan keladigan sarmoyalar hukumat tomonidan qatʻiy nazorat qilinadi.
Xitoy brendlari uchun yangi strategiya
TechCrunch nashri xabariga koʻra, ushbu kelishuv Xitoy smartfon ishlab chiqaruvchilari uchun Hindiston bozorida barqaror qolishning yangi modeliga aylanishi mumkin. Soʻnggi yillarda Oppo, Vivo va Xiaomi kabi kompaniyalar Hindistonda soliq va tartibga solish bilan bogʻliq qator tekshiruvlarga duch kelgan edi. Mahalliy hamkorga nazorat paketini topshirish orqali ushbu brendlar siyosiy va huquqiy xatarlarni kamaytirishni koʻzlamoqda.Hozirda Xitoy brendlari Hindiston smartfon bozorining 72 foizini nazorat qilsa-da, ularning mamlakat eksportidagi ulushi 10 foizdan kamni tashkil etadi. Taʻkidlash joizki, Apple kompaniyasi Hindistondan smartfon eksport qilish boʻyicha mutlaq yetakchi boʻlib, jami eksport hajmining 57 foizi aynan iPhone qurilmalariga toʻgʻri keladi. Vivo va Dixon hamkorligi ushbu nomutanosiblikni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Ishlab chiqarish quvvati va eksport imkoniyatlari
Dixon Technologies maʻliumotlariga koʻra, yangi qoʻshma korxona yiliga 20 milliondan 22 million donagacha smartfon ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi. Bu nafaqat ichki bozorni taʻminlash, balki xalqaro bozorlarga mahsulot yetkazib berish hajmini ham keskin oshiradi. Korxona nafaqat Vivo, balki boshqa brendlar uchun ham elektronika mahsulotlari tayyorlashi mumkin.Counterpoint Research tahlilchilarining fikricha, ushbu kelishuv har ikki tomon uchun ham manfaatli. Vivo siyosiy jihatdan xavfsizroq operatsion modelga ega boʻldi, Dixon esa ishlab chiqarish miqyosini kengaytirib, global yetkazib beruvchilar qatoriga qoʻshilish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. Bu kabi hamkorliklar Hindistonni Xitoydan keyingi ikkinchi yirik smartfon ishlab chiqarish markaziga aylantirish strategiyasining muhim qismidir.
Eslatib oʻtamiz, Vivo joriy yilning birinchi choragi yakunlariga koʻra, 23 foizlik ulush bilan Hindiston smartfon bozorida yetakchilikni saqlab qolgan. Yangi zavod va hamkorlik modeli orqali kompaniya oʻz pozitsiyasini yanada mustahkamlashni va Apple kabi eksport salohiyatini oshirishni rejalashtirmoqda.






























Izohlar 0
…