Gumanoid robotlar ilk bor murakkab operatsiyani muvaffaqiyatli bajardi

Tibbiyot sohasida muhim ilmiy yutuq qayd etildi. Ilk bor ikki nafar gumanoid robot tirik jonzotda o‘t pufagini olib tashlash operatsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Olimlar ushbu natija yaqin kelajakda insonlarda klinik sinovlarni boshlash yo‘lidagi eng muhim bosqichlardan biri ekanini ta’kidlamoqda.
Mazkur innovatsion operatsiyalar AQSHning Kaliforniya universiteti (San-Diyego) muhandislari va jarrohlari tomonidan cho‘chqalarda o‘tkazildi. Ilmiy ish natijalari 8 iyul kuni nufuzli Nature jurnalida e’lon qilindi.
Tadqiqot doirasidagi birinchi operatsiya bir nafar gumanoid robot tomonidan tajribali jarroh nazorati va ko‘magida bajarildi. Ikkinchi operatsiyada esa ikki gumanoid robot o‘zaro hamkorlikda harakat qilib, o‘t pufagini olib tashlash amaliyotini mustaqil tarzda yakunladi. Universitet ma’lumotiga ko‘ra, ushbu muvaffaqiyatli tajribalar texnologiyani insonlarda sinashdan avvalgi eng muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.

Kaliforniya universitetining Kelajak jarrohligi markazi vaqtinchalik direktori doktor Rayan Broderikning aytishicha, bu tajriba robotlarning jarrohlikda samarali ishlay olishini amalda isbotladi.
«Konsepsiyani amalda sinash nuqtayi nazaridan qaraganda, barchasi kutilganidek ishladi», — dedi u ABC telekanaliga bergan intervyusida.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu gumanoid robotlar hozirgi kunda ko‘plab shifoxonalarda qo‘llanilayotgan an’anaviy robotlashtirilgan jarrohlik tizimlaridan bir qator jihatlari bilan farq qiladi. Ular insonsimon tuzilishga ega bo‘lib, bosh va qo‘llar bilan jihozlangan. Eng muhimi, ular operatsiya xonasida juda kam joy egallaydi. Tadqiqotchilar robotlarga hatto «Surgie» (jarroh robot) degan laqab ham berishgan.
Doktor Rayan Broderikning ta’kidlashicha, yangi robotlarning asosiy ustunliklaridan biri aynan ularning ixchamligi hisoblanadi.
«An’anaviy robotlashtirilgan operatsiyalarda uchraydigan joy tanqisligi bu yerda deyarli kuzatilmaydi. Robot insonga o‘xshash yordamchi sifatida bemor yonida joylashadi va laparoskopik operatsiyalarda biz o‘rganib qolgan muhitga juda mos keladi», — dedi u.
Olimlarning fikricha, aynan shu ixcham konstruksiya kelajakda gumanoid robotlardan turli sharoitlarda samarali foydalanish imkonini beradi. Masalan, katta tibbiy markazlardan uzoq hududlarda, kichik jarrohlik xonalarida, dengiz kemalarida yoki qishloq tibbiyot muassasalarida ham bunday robotlar operatsiyalarni bajarishi mumkin.

Kaliforniya universitetining kolorektal jarrohi doktor Shangley Lyuning ta’kidlashicha, bu texnologiya tibbiy xizmatlar qamrovini yanada kengaytirish imkonini ochadi.
«Bu qurilmani kemada, chekka qishloqda yoki yirik shaharlardan uzoqda joylashgan kichik operatsiya xonalarida ham qo‘llash mumkinligini tasavvur qilish qiyin emas. Bu tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada kengaytiradi», — dedi u.
Tadqiqotchilar ushbu texnologiya kelajakda shifoxonalardagi tibbiyot xodimlari yetishmasligi muammosini qisman hal qilishga ham yordam berishi mumkinligini aytmoqda. Robotlar jarrohlar va tibbiy jamoalarga ko‘maklashib, ko‘proq operatsiyalarni amalga oshirish imkonini yaratadi.
Kaliforniya universiteti professori Maykl Yipning fikricha, tajriba gumanoid robotlar haqiqiy operatsiyalarni bajarishga qodir ekanini isbotladi.
«Menimcha, biz gumanoid robotlar operatsiya xonasida haqiqiy jarrohlik amaliyotlarini bajara olishini namoyish qildik. Kelajakda bunday texnologiyalar insonlar hayotini saqlab qolishga xizmat qilishi mumkin», — dedi professor.
Mutaxassislar ushbu natijani robotlashtirilgan tibbiyot taraqqiyotidagi muhim burilish nuqtasi deb baholamoqda. Agar keyingi tadqiqotlar ham muvaffaqiyatli yakunlansa, gumanoid robotlar ishtirokida insonlarda o‘tkaziladigan ilk klinik sinovlar ham uzoq kuttirmasligi mumkin.






























Izohlar 0
…