1285 dollarlik chipta 1 millionga chiqdi: Norvegiya — Angliya bahsidagi holat

JCH–2026 chorakfinalidan o‘rin olgan Norvegiya va Angliya o‘rtasidagi bahs oldidan chiptalar bozorida misli ko‘rilmagan narxlar kuzatilmoqda. Ayrim qayta sotuv takliflarida bitta chiptaning qiymati 1 million dollargacha yetgan.
Qizig‘i, ushbu chiptalarning dastlabki rasmiy narxi bundan yuzlab marta arzon bo‘lgan.
1285 dollarlik chipta 1 millionga baholandi
Sky News ma’lumotiga ko‘ra, Norvegiya — Angliya o‘yini uchun sotuvga chiqarilgan ayrim chiptalar FIFA'ning maxsus qayta sotuv platformasida 1 million dollardan taklif qilinmoqda.
Dastlab sotuvga qo‘yilgan ikkita chiptaning har biri 1285 dollar turgan. Keyinchalik esa ularning qayta sotuv narxi keskin oshib, million dollargacha yetgan.
Arzonroq variantlar ham bor
Platformada xuddi shu toifadagi boshqa chiptalarni nisbatan arzonroq narxda ham topish mumkin.
Ma’lum qilinishicha, ayrim takliflar 5 ming dollar atrofidan boshlanmoqda. Bu ham dastlabki rasmiy narxdan bir necha barobar yuqori.
Nega talab bu qadar yuqori?
Uchrashuvga bo‘lgan qiziqishning asosiy sabablaridan biri — ikki jamoa tarkibidagi yulduz futbolchilardir.
Muxlislar ayniqsa:
Erling Holand;
Martin Edegor;
Harri Keyn;
Jud Bellinghem ishtirokidagi bahsni intiqlik bilan kutmoqda.
Chorakfinal maqomi va yarimfinal yo‘llanmasi uchun kurash ham chiptalarga talabni yanada oshirgan.
O‘yin qachon boshlanadi?
Norvegiya va Angliya milliy jamoalari o‘rtasidagi chorakfinal bahsi Toshkent vaqti bilan soat 02:00 da start oladi.
Endi maydondagi asosiy intriga bilan birga yana bir savol paydo bo‘ldi: million dollarlik chiptaga haqiqatan ham xaridor topiladimi?































Izohlar 0
…