150 million yillik ulkan dinozavr haqidagi sir ochildi

Tailandlik paleontologlar mamlakatning shimoli-sharqidagi Kalasin provinsiyasidan topilgan qazilma qoldiqlar asosida ilm-fan uchun yangi dinozavr turini aniqladi. Olimlar bu kashfiyot Yura davrida Janubi-Sharqiy Osiyoda yashagan ulkan sauropodlar haqidagi bilimlarni kengaytirishini ta’kidlamoqda.
Yangi turga Uragasaurus kalasinensis nomi berilgan. Tadqiqotchilarning fikricha, u taxminan 150 million yil avval yashagan bo‘lib, uzunligi 20 metrgacha yetgan. Uning eng ajralib turadigan jihati juda uzun bo‘yni bo‘lib, bu unga turli balandlikdagi o‘simliklar bilan oziqlanish imkonini bergan.
Tadqiqot muallifi, Mahasarakham universiteti olimi doktor Apirut Nilpanapanning aytishicha, qazilma 2008 yilda ilk bor aniqlangan Pxu Noy hududidagi boy arxeologik maydondan topilgan. Bu yerda topilgan qoldiqlarning 90 foizdan ortig‘ini dinozavr suyaklari tashkil etadi.
Yangi tur orqa umurtqa suyagining o‘ziga xos tuzilishi orqali aniqlangan. Kompyuter tomografiyasi (CT) tahlillari uni juda uzun bo‘yinli Mamenchisauridae oilasiga mansub ekanini ko‘rsatdi. Shu paytgacha bu oilaga oid qazilmalar asosan Xitoyda topilgan bo‘lib, mazkur kashfiyot Tailand uchun ilk holat hisoblanadi.
Olimlarning ta’kidlashicha, dinozavr suyaklaridagi havo bo‘shliqlari va Y shaklidagi suyak tuzilishi uni boshqa ma’lum turlardan ajratib turadi. Doktor Nilpanapan hatto yangi tur kashf etilganini anglagan lahzada hayajondan kompyuteriga urib yuborganini tan oldi.
Tadqiqot natijalari nufuzli Nature ilmiy jurnalida e’lon qilindi. Bu Tailandda joriy yilda aniqlangan ikkinchi yirik dinozavr kashfiyoti bo‘lib, mamlakat qadimda ulkan sauropodlar yashagan muhim hududlardan biri bo‘lganini yana bir bor tasdiqladi.






























Izohlar 0
…