HBO Max platformasida TikTok uslubidagi Shorts lentalari sinovdan oʻtkazilmoqda

Warner Bros. kompaniyasi sayyoramizdagi yetakchi striming xizmatlaridan biri boʻlgan HBO Max platformasida foydalanuvchilarga qiziqarli kontent topishni osonlashtirish maqsadida TikTok uslubidagi vertikal videolarning maxsus lentasi hamda sunʼiy intellektga asoslangan suhbat shaklidagi qidiruv tizimini joriy etishini eʼlon qildi. Mazkur yangilik tomoshabinlarga minglab filmlar va seriallar orasidan oʻziga mos keladigan loyihalarni tezkor topishda koʻmaklashishi kutilmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
ixbt.com maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda aksariyat striming xizmatlari keng kutubxonalardagi kontentni saralashda va tomoshabinlarning TikTok hamda Instagram Reels kabi platformalardagi qisqa videolarga oʻrganib qolganidan kelib chiqqan holda qidiruv mexanizmlarini qayta koʻrib chiqmoqda. Yangi funksiyalar auditoriyaga platforma imkoniyatlaridan foydalanishda yanada qulay va moslashuvchan yoʻllarni taqdim etadi.
Shorts va sunʼiy intellekt asosidagi qidiruv
HBO Max ilovasining quyi navigatsiya menyusida paydo boʻladigan yangi “Shorts” belgisi treylerlar, qiziqarli parchalar va bonus materiallardan iborat vertikal video lentasini ochadi. Kompaniya maʼlumotiga koʻra, mazkurlar foydalanuvchining shaxsiy taʼmi va tomosha qilish tarixiga qarab individual tarzda moslashtiriladi. Agar foydalanuvchiga koʻrsatilgan lavha yoqib qolsa, u darhol toʻliq serial yoki filmni tomosha qilishni boshlashi yoki keyinroq koʻrish uchun roʻyxatga saqlab qoʻyishi mumkin.Shuningdek, video lentalar uchun eng sara sahnalarni tanlab beruvchi maxsus sunʼiy intellekt vositasi ishlab chiqilgan boʻlib, u minglab soatlik video materiallarni sahna darajasidagi metamaʼlumotlar asosida tahlil qiladi. Shundan soʻng HBO Max muharrirlari striming xizmatining boy kutubxonasini eng yaxshi namoyish eta oladigan lavhalarni yakuniy tasdiqlashadi.
Bozor tendensiyalari va sinov jarayoni
Mazkur yangilanish bilan HBO Max oʻz kutubxonalaridagi parchalarni namoyish qilish uchun vertikal video lentalarini qoʻllagan Netflix, Disney+ va Peacock kabi boshqa mashhur striming xizmatlari safiga qoʻshildi. Warner Bros. bayonotiga koʻra, yangi vertikal lenta dastlab AQShdagi ayrim iOS foydalanuvchilari orasida sinovdan oʻtkazilmoqda va shundan keyingina boshqa qurilmalar hamda bozorlarga bosqichma-bosqich tatbiq etiladi.Platformaga qoʻshilayotgan yana bir yangilik — sunʼiy intellektga asoslangan suhbat qidiruvi tabiiy tilni tushunish texnologiyasi orqali soʻrovlarni talqin qiladi va tegishli filmlar hamda seriallarni tavsiya etadi. Masalan, foydalanuvchilar “komediya koʻrgim kelyapti”, “notinch oilaviy drama” yoki “qizlar davrasi uchun eng yaxshi film” kabi erkin iboralar yordamida oʻziga mos tavsiyalarni osonlikcha topishi mumkin.
Eʼtiborlisi, Netflix oʻtgan yili oʻz foydalanuvchilari uchun shunga oʻxshash sunʼiy intellektga asoslangan qidiruv tajribasini ishga tushirgan edi. Shuningdek, Amazon ham Fire TV qurilmalarida teledasturlar va filmlar boʻyicha ochiq soʻrovlarga javob beradigan sunʼiy intellekt ovozli qidiruviga ega. HBO Maxʼning ushbu eksperimental funksiyasi hozircha AQShdagi tanlangan Android foydalanuvchilari uchun mavjud boʻlib, tez orada uni yanada kengroq qurilmalar va mintaqalarga yoyish rejalashtirilgan.






























Izohlar 0
…