AMD ham videokartalar uchun komponentlar narxini oshirishi kutilmoqda

Jahon bozorida xomashyo narxi oshib borayotgani sababli AMD kompaniyasi grafik protsessorlari va xotira jamlanmalari xarid narxlarini kamida 10 foizga oshirishni rejalashtirmoqda. Asosiy raqobatchi boʻlgan NVIDIA oʻz mahsulotlari narxini 30 foizgacha oshirib yuborganidan soʻng, AMD ham ushbu oʻzgarishlarni kuchga kiritishga qaror qildi.
Jahon bozorida qismlar va texnologik xomashyo qiymatining keskin oʻsib borishi fonida yirik yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqaruvchilari narx siyosatini qayta koʻrib chiqishga majbur boʻlmoqda. Board Channels Forums manbalariga tayanib xabar berishicha, AMD kompaniyasi oʻzining grafik protsessorlari hamda xotira jamlanmalari uchun xarid narxlarini kamida 10 foizga oshirishni rejalashtirmoqda. Ushbu oʻzgarishlar yakuniy isteʼmolchilar uchun texnologik qurilmalar qimmatlashishiga olib kelishi mumkinligi bois butun bozor eʼtiborini tortdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Maʼlum qilinishicha, hamkorlar uchun moʻljallangan «GPU + xotira» toʻplamlari narxining oshishi boʻyicha qaror aslida oʻtgan oyning oʻzidayoq qabul qilingan edi. Biroq oʻsha paytda bozor talabining pastligi, distribyutorlar omborlarida mahsulotlar yetarlicha zaxirada saqlanayotgani hamda narx sakrashi savdolarga salbiy taʼsir koʻrsatishidan choʻchishgani sababli AMD bu qadamni vaqtincha ortga surgan edi.
Nvidia ortidan tashlangan qadam
Vaziyatning keskin tus olishiga asosiy raqobatchining harakatlari sabab boʻldi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, NVIDIA oʻz mahsulotlari narxini sezilarli darajada — 30 foizgacha oshirib yuborgan. «Yashillar» nafaqat GPU va DDR6 xotira toʻplamlari, balki eng soʻnggi avlodga mansub DDR7 xotira jamlanmalari qiymatini ham koʻtargan. Shundan soʻng AMD ham oʻz narxlarini ushlab turishni maʼqul topmadi va oxir-oqibat oʻzgartirishlarni kuchga kiritishga qaror qildi.Yangi narx siyosatiga koʻra, Radeon videokartalarini ishlab chiqaruvchi hamkorlar komponentlarni qimmatlashgan qiymatda xarid qilishni boshlaydilar. Taʼkidlash joizki, gap hozircha tayyor mahsulotlarning tavsiya etilgan chakana narxlari emas, balki aynan ishlab chiqaruvchi hamkorlar uchun moʻljallangan butlovchi qismlar qiymati haqida bormoqda.
Isteʼmol bozoriga taʼsiri qanday boʻladi?
Komponentlar tannarxining oshishi avtomatik ravishda magazinlardagi tayyor videokartalar narxi ham aynan oʻn foizga qimmatlashishini anglatmaydi. Gap shundaki, grafik protsessor va xotira qurilmaning umumiy tannarxining faqat bir qismini tashkil etadi. Shuning uchun yakuniy xaridor uchun oʻsish koʻrsatkichi bundan pastroq boʻlishi ham mumkin.Biroq mutaxassislar aks sado beruvchi boshqa omillarni ham istisno etishmayapti. Agar boshqa zarur qismlar, jumladan, hatto qadoqlash materiallari ham qimmatlashishda davom etsa, isteʼmolchilar uchun narxlar kutilganidan ham yuqoriroq darajada oʻsib ketish ehtimoli yoʻq emas. Bozor ishtirokchilari yaqin oylarda videokartalar segmentida narxlarning umumiy qimmatlashish davrini boshdan kechirishga hozirlik koʻrmoqda.






























Izohlar 0
…