Falcon 9 bosqichi Oyga qulaydi: NASA va SpaceX yangi rejalarni ishlab chiqmoqda

Falcon 9 raketasining yuqori bosqichi 5-avgust kuni Oy sirtidagi Eynshteyn krateri yaqiniga qulab tushishi kutilmoqda. Og'irligi taxminan 4000 kilogramm bo'lgan bosqich Oyga 2,43 km/s tezlikda urilib, diametri 17 metrdan ortiq krater hosil qilishi mumkin. NASAning Lunar Reconnaissance Orbiter (LRO) va Janubiy Koreyaning KASA agentligiga tegishli Danuri apparati to'qnashuv oqibatlarini kuzatadi.
Joriy yilning yanvar oyida Firefly Aerospace hamda ispace oy missiyalarini fazoga olib chiqqan Falcon 9 raketasining yuqori bosqichi 5-avgust kuni Oy sirtiga borib urilishi kutilmoqda. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, mazkur rejalashtirilmagan to‘qnashuv olimlarga tabiiy jarayonlarni o‘rganish va yangi ilmiy maʼlumotlarni yig‘ish uchun noyob imkoniyat taqdim etadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, og‘irligi taxminan 4000 kilogrammni va hajmi besh qavatli binodek keladigan raketaning yuqori qismi Oyga 2,43 km/s tezlikda yaqinlashmoqda. Yerga yaqinlashuvchi obyektlarni o‘rganish markazi (CNEOS) ma’lumotlariga asosan, uning qulash hududi Oyning ko‘rinadigan tomonidagi Eynshteyn krateri yaqiniga to‘g‘ri keladi. Potentsial to‘qnashuvni birinchi bo‘lib aniqlagan astronom Bill Greyning fikricha, hodisa natijasida diametri 17 metrdan ortiq bo‘lgan yangi krater hosil bo‘lishi mumkin.
NASA Ilmiy missiyalar dasturlari direktori Julianna Shaymanning so‘zlariga ko‘ra, raketa traektoriyasining o‘zgarishiga quyosh faolligi va tortishish kuchining o‘zaro ta’siri sabab bo‘lgan. Kompaniya barcha standart passivatsiya jarayonlarini, jumladan, qoldiq yoqilg‘ini chiqarib yuborish va faol tizimlarni o‘chirishni amalga oshirgan. Biroq Yer–Oy–Quyosh tizimidagi yuqori energetik traektoriyalarda pastki orbitadagi kabi boshqariladigan qaytish ssenariylarini qo‘llash imkonsiz.
Ilmiy kuzatuvlar va oqibatlar
Atmosfera mavjud emasligi sababli raketaning bosqichi zarbadan oldin sekinlashmaydi va kinetik energiyaning katta qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri sirtga o‘tadi. Mutaxassislarning baholashicha, to‘qnashuv natijasida ko‘tarilgan regolit o‘nlab kilometr balandlikka otilishi, ayrim zarrachalar esa vaqtincha ochiq kosmosga chiqib ketishi mumkin. Ushbu chaqnashni Yer turar joylaridan oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmasa-da, sezgir teleskoplar uni qayd eta oladi.Hodisadan so‘ng NASA o‘n yildan beri Oy sirtini xaritalashtirib kelayotgan Lunar Reconnaissance Orbiter (LRO) apparati yordamida qulash joyini o‘rganib chiqadi. Shuningdek, Janubiy Koreyaning KASA kosmik agentligi ham Danuri apparati orqali jarayonni kuzatishni rejalashtirgan. Olingan maʼlumotlar chang otilishining tuzilishi hamda ilgari yashirin bo‘lgan sirt qatlamlarini tushunishga yordam beradi.
Kelajakdagi kosmik xavfsizlik
Bu sun'iy obyektning Oy bilan to‘qnashishidagi ilk holat emas. 2009-yilda NASA Atlas 5 raketasining Centaur bosqichini Kabus krateriga yo‘naltirib, LCROSS apparati orqali muzlatilgan suv izlarini qidirgan bo‘lsa, 2022 yilda Xitoyning Long March 3B raketasi ham Oyning narigi tomoniga qulagan edi.Oydagi infratuzilmani rivojlantirish rejalari va missiyalar sonining oshishi fonida bunday holatlar dolzarblashib bormoqda. Kelgusida kosmik apparatlarga zarar yetkazish xavfini kamaytirish maqsadida SpaceX va NASA Yer–Oy–Quyosh tizimidagi yuqori bosqichlarni utilizatsiya qilishning yangi usullarini jiddiy ravishda o‘rganishmoqda.






























Izohlar 0
…