Kevin De Bruyne faoliyatini AQShda davom ettirishi mumkin

35 yoshli Kevin De Bruyne joriy yozda Napoli safini tark etib, faoliyatini AQShning Major League Soccer turnirida davom ettirishi mumkin. Napoli bilan shartnomasi 2027-yilning 30-iyuniga qadar amal qilsa-da, tomonlar o'zaro kelishuv asosida yozda xayrlashishga tayyor. Inter Miami futbolchi uchun kurash olib bormayotgan bo'lsa, Chicago Fire va San Diego FC uning transferi uchun faollik ko'rsatmoqda.
Napoli safida atigi bir mavsum toʻp surgan tajribali yarimhimoyachi Kevin De Bruyne faoliyatini Shimoliy Amerikada davom ettirishi mumkin. Fichajes nashri maʼlumotiga koʻra, 35 yoshli belgiyalik futbolchi joriy yozgi transferlar davrida Italiya klubini tark etish variantini jiddiy oʻylamoqda. Uning xizmatiga AQShning Major League Soccer turniri vakillari qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Garchi futbolchining Neapol klubi bilan imzolagan shartnomasi 2027-yilning 30-iyuniga qadar moʻljallangan boʻlsa-da, tomonlar yozda oʻzaro kelishuv asosida xayrlashishga tayyor. Italiya jamoasi rahbariyati tarkibdagi eng yuqori maosh oluvchilardan biri boʻlgan yarimhimoyachining ketishiga qarshi emas, bu esa klubga moliyaviy yuklamani kamaytirish imkonini beradi.
AQSh klublari kurashi va Inter Miami pozitsiyasi
Soʻnggi oylarda matbuotda Kevin De Bruynening Lionel Messi toʻp suradigan Inter Miami jamoasiga oʻtishi mumkinligi haqida koʻplab xabarlar tarqalgan edi. Biroq GOAL.com xabar berishicha, Florida shtati klubi futbolchi uchun kurash olib bormayapti. Jamoa rahbariyati uning vakillari bilan muzokaralar oʻtkazmagan va yaqin vaqt ichida transfer ustida ish boshlash niyatida ham emas.Shunga qaramay, AQSh chempionatiga koʻchib oʻtish ehtimoli yoʻqqa chiqqani yoʻq. Ayni paytda Chicago Fire va San Diego FC klublari tajribali pleymeykerni oʻz safiga qoʻshib olish uchun faollik koʻrsatmoqda. Xususan, Chicago Fire futbolchi Angliyadagi faoliyatini yakunlagan paytdayoq uni oʻz safiga qoʻshib olishga harakat qilgan edi, biroq oʻshanda tajribali xavbek Italiyani tanlagandi.
Neapoldagi qiyin mavsum va kelajakdagi rejalar
Eslatib oʻtamiz, Kevin De Bruyne Manchester Siti safida oʻn yillik yorqin faoliyatini yakunlagach, 2025-yilning yozida erkin agent sifatida Napoli safiga qoʻshilgan edi. U Italiyaga kelishidan oldin ham MLS variantlarini koʻrib chiqqan, biroq yakunda neapolliklar bilan ikki yillik bitim imzolagandi.Biroq Italiyadagi debyut mavsumi futbolchi uchun koʻngildagidek oʻtmadi. Mushaklaridagi jarohatlar sababli uning oʻyin amaliyoti keskin qisqardi. A Seriya doirasidagi 18 ta uchrashuvning atigi 13 tasida asosiy tarkibda maydonga tushgan boʻlishiga qaramay, u 5 ta gol urish va 2 ta golli uzatmani amalga oshirishga erishdi.
Endilikda Kevin De Bruyne uchun yakuniy qaror moliyaviy shartlar va unga taklif etilayotgan sport loyihasining qay darajada jiddiyligiga bogʻliq boʻladi. Napoli esa transfer narxi boʻyicha munosib taklif tushsa, faxriy futbolchi bilan xayrlashish variantini koʻrib chiqishga tayyor.






























Izohlar 0
…