SpaceX Tesla kompaniyasidan yuz millionlab dollarli akkumulyatorlar sotib oldi

SpaceX joriy yil boshidan buyon Tesla ishlab chiqargan Tesla Megapack quvvat saqlash qurilmalariga 329 million dollar sarfladi, shundan 295 million dollari ikkinchi chorakka to'g'ri keladi. Mutaxassislar bu batareyalar asosan xAI kompaniyasining ma'lumotlar markazlarida foydalanish uchun o'rnatilayotganini aytmoqda.
Ilon Mask boshqaruvidagi SpaceX kompaniyasi joriy yilning oʻzida Tesla tomonidan ishlab chiqarilgan Tesla Megapack sanoat miqyosidagi quvvat saqlash qurilmalarini xarid qilish hajmini sezilarli darajada oshirdi. Seshanba kuni eʼlon qilingan moliyaviy hisobot maʼlumotlariga koʻra, mazkur batareyalar uchun faqat ikkinchi chorakning oʻzida 295 million dollar sarflangan boʻlib, yil boshidan buyon umumiy xaridlar miqdori 329 million dollarga yetgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Mazkur yirik bitimlar Ilon Maskga tegishli boʻlgan kompaniyalar oʻzaro qanchalik chambarchas bogʻlanganini yaqqol koʻrsatib beradi. Maʼlumki, Mask bir vaqtning oʻzida ham SpaceX, ham Tesla kompaniyalariga rahbarlik qiladi va ularning asosiy aksiyadorlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, uning sunʼiy intellekt sohasi bilan shugʻullanuvchi xAI startapi ilgariroq uning ijtimoiy tarmoq platformasi boʻlgan X ni qoʻshib olgan edi, joriy yil boshida esa SpaceX xAI kompaniyasini oʻz tarkibiga qabul qilgani maʼlum boʻldi.
Sunʼiy intellekt markazlari va akkumulyatorlarning oʻrni
Mutaxassislarning fikricha, sanoat miqyosidagi bu batareyalar asosan xAI kompaniyasining maʼlumotlar markazlarida foydalanish uchun oʻrnatilmoqda. XAI kompaniyasi SpaceX bilan birlashishidan oldin ham oʻz server markazlari uchun 430 million dollarlik Tesla Megapack qurilmalarini xarid qilgan edi. Taqqoslash uchun, joriy yilning birinchi choragida xAI faqatgina 34 million dollrlik shunday uskunalarni sotib olgandi.Shuningdek, regulyativ hujjatlarga tayanib xabar qilinishicha, SpaceX 2025-yil dekabr holatiga koʻra ishlab chiqaruvchining tavsiya etilgan chakana narxi boʻyicha jami 131 million dollarlik Tesla Cybertruck elektromobillarini ham xarid qilgan. Bu kabi yirik xaridlar korporatsiyalararo hamkorlik qanchalik keng koʻlamda olib borilayotganini koʻrsatadi.
Energiya taʼminotidagi muhim vazifalar
Garchi xAI oʻz maʼlumotlar markazlarini quvvatlantirish uchun asosan tabiiy gazdan, jumladan Kolossus loyihasi yaqinidagi hududda joylashgan oʻnlab turbinalardan foydalanayotgan boʻlsa-da, Tesla Megapack kabi yirik batareyalar infratuzilmaning muhim qismi boʻlib qolmoqda. Ular bir soniya ichida ishga tushuvchi zaxira quvvatini taʼminlabgina qolmay, grafik protsessorlar eng yuqori quvvat talab qilgan paytda qoʻshimcha energiya yetkazib beradi.Sunʼiy intellekt markazlarining elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoji modelni oʻqitish va soʻrovlarni qayta ishlash jarayonlariga qarab doimiy oʻzgarib turadi. Bunday keskin sakrashlar mahalliy kommunal xizmatlar tomonidan qoʻshimcha xarajatlarga olib kelishi yoki joylardagi generatorlarni ortiqcha yuklashi mumkin. Batareyalar esa bu kabi tebranishlarni tekislab, xarajatlarni kamaytirishga va maʼlumotlar markazining uzluksiz ishlashini taʼminlashga yordam beradi.






























Izohlar 0
…