AQSh Xitoydan keladigan optik transiverlarni taqiqlashi mumkin

AQSh Federal aloqa komissiyasi Xitoyda ishlab chiqarilgan optik transiverlar importini taqiqlashni nazarda tutuvchi cheklovlarni tayyorlamoqda va qaror 2026-yilning oxirigacha qabul qilinishi mumkin. Rasmiylar ushbu uskunalar kiberjosuslik, zararli dasturlarni kiritish yoki muhim infratuzilma ishini izdan chiqarishda qo'llanishidan xavotirda.
AQSh Federal aloqa komissiyasi (FCC) mamlakatga Xitoyda ishlab chiqarilgan optik transiverlar importini taqiqlashni nazarda tutuvchi yangi cheklovlarni tayyorlamoqda. Reuters agentligining xabardor manbalarga tayanib maʼlum qilishicha, ushbu muhim qaror 2026-yilning oxirigacha qabul qilinishi ehtimoli bor. Mazkur chora Vashingtonning Xitoy telekommunikatsiya uskunalariga qaramlikni qisqartirishga qaratilgan siyosatining navbatdagi bosqichi boʻladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Optik transiverlar zamonaviy server infratuzilmasining eng muhim elementlaridan biri hisoblanadi. Ular elektr signallarini optik signallarga va aksincha oʻzgartirib, serverlar hamda tarmoq uskunalari oʻrtasida oʻta yuqori tezlikdagi maʼlumotlar uzatilishini taʼminlaydi. Aynan shunday modullar maʼlumotlar markazlari, bulutli platformalar va sunʼiy intellekt uchun moʻljallangan hisoblash majmualari asosi boʻlib xizmat qiladi.
Xavfsizlik xavotirlari va bozor yetakchilari
Reuters agentligi maʼlumotlariga koʻra, Amerika rasmiylari ushbu uskunalar kiberjosuslik, zararli dasturlarni kiritish yoki muhim infratuzilma obyektlari ishini izdan chiqarish uchun ishlatilishi mumkinligidan xavotirda. Anʼanaviy mis ulanishlarga nisbatan yuqori tezlik va energiya samaradorligini taʼminlovchi bu texnologiyalar strategik ahamiyatga ega.Bugungi kunda dunyodagi optik transiverlarning yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri Xitoyning Innolight kompaniyasi boʻlib, unga global bozorning qariyb 27 foizi tegishli. Qoʻshma Shtatlarda Lumentum, Coherent va Applied Optoelectronics kabi kompaniyalar shunday mahsulotlarni chiqaradi, biroq manbalarga koʻra, ular ishlab chiqarish koʻlami boʻyicha hali xitoylik raqobatchilaridan ortda qolmoqda.
AQShning Xitoy texnologiyalariga qarshi siyosati
Soʻnggi bir necha yil ichida AQSh Huawei mahsulotlariga qarshi cheklovlar kiritdi, shuningdek, ayrim turdagi dronlar, tarmoq uskunalari va robototexnika vositalariga qoʻyiladigan qoidalarni qatʼiylashtirdi. Hozirda Xitoydan kelayotgan routerlar, robot-changyutgichlar, invertorlar qatorida optik transiverlar ham qora roʻyxatga tushishi mumkin.Shu bilan birga, AQSh qonunchiligi muayyan sharoitlarda vaqtinchalik istisnolarga yoʻl qoʻyadi. Xususan, avvalroq Netgear va Amazon kompaniyalari ayrim turdagi uskunalardan foydalanish uchun maxsus ruxsatnomalarni qoʻlga kiritgan edi.






























Izohlar 0
…