Samsung mijozlarni 5 nanometrli texnologiyaga faol oʻtkazmoqda

Samsung Electronics kompaniyasi 4 nanometrli ishlab chiqarish quvvatlari kelasi yilgacha deyarli to'liq band qilingani sababli mijozlarini 5 nanometrli texnologiyaga yo'naltirmoqda. Bunga kompaniyaning HBM4 xotira chiplariga ichki buyurtmalari va sun'iy intellekt tezlatkichlarini ishlab chiqarishi sabab bo'lmoqda.
Jahon bozorida yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqarish hajmi va quvvatlari uchun keskin raqobat davom etmoqda. ZDNet Korea nashrining xabar berishicha, Samsung Electronics kompaniyasi oʻzining 4 nanometrli quvvatlari haddan tashqari bandligi sababli mijozlarni 5 nanometrli texnologik jarayonga oʻtishga faol ravishda yoʻnaltirmoqda. Ushbu qaror global yarimoʻtkazgichlar bozoridagi mavjud muvozanat va ishlab chiqarish zanjirlariga sezilarli taʼsir koʻrsatishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Maʼlum qilinishicha, Samsung Foundry boʻlinmasining 4 nanometrli liniyalari kelasi yilga qadar deyarli toʻliq band qilingan. Bunga asosiy sabab sifatida kompaniyaning oʻz ichki ehtiyojlari, jumladan, yangi turdagi HBM4 xotira chiplarini ishlab chiqarish boʻyicha buyurtmalarning keskin oshgani koʻrsatilmoqda. Shuningdek, ushbu quvvatlarda turli sunʼiy intellekt tezlatkichlari ham tayyorlanmoqda.
Kompromiss yechim sifatida 5 nanometr
Hozirgi vaziyatda Samsung oʻz mijozlariga yetarlicha yetuk va tejamkor boʻlgan 5 nanometrli texnologiyani muqobil variant sifatida taklif qilmoqda. Ushbu jarayon eng ilgʻor 2 va 3 nanometrli texnologiyalarga nisbatan arzonroq boʻlib, ayni paytda koʻplab zamonaviy ishlab chiqaruvchilarning talablarini toʻliq qoplashga qodir. Aslida avtomobilsozlik elektronikasi uchun moʻljallangan bu texnologiya bugungi kunda sunʼiy intellekt yechimlari, neyroprotsessorlar va server chiplarini yaratuvchilar orasida ham ommalashib bormoqda.Soʻnggi oylarda mazkur texnologiyaga boʻlgan qiziqish sezilarli darajada ortgani kuzatilmoqda. Bunga soha mutaxassislarining fikricha, TSMC fabrikalaridagi yuqori yuklanish va murakkab geosiyosiy vaziyat ham turtki boʻldi. Dunyodagi yetakchi shartnomaviy ishlab chiqaruvchida boʻsh quvvatlar yetishmagani sababli, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlardan kelgan koʻplab kompaniyalar aynan Samsung xizmatlaridan foydalanishga qaror qilishdi.
Istiqbollar va kelajakdagi rejalar
TSMC qabul qila olmayotgan kichikroq hajdagi buyurtmalar ham hozirda Janubiy Koreya giganti hisobiga toʻgʻri kelmoqda. Bu esa kompaniyaga oʻz mavqeini mustahkamlash uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratmoqda. Shu bilan birga, Samsung 2 nanometrli ilgʻor texnologiya boʻyicha ham soʻrovlarni qabul qilishni davom ettirmoqda.Shunga qaramay, 2 nanometrli yoʻnalishning kelgusidagi muvaffaqiyati koʻp jihatdan yaroqli kristallar chiqishini oshirish va yangi texnologiyani ommaviy buyurtmachilar uchun jozibador qilishga qanchalik erishilishiga bogʻliq boʻladi. Hozirgi bosqichda esa 5 nanometrli texnologik jarayon kompaniya va uning mijozlari uchun eng maqbul va barqaror kompromiss boʻlib qolmoqda.






























Izohlar 0
…