SpaceXAI AQShda Starlink interneti uchun 50 foizlik chegirma eʼlon qildi

SpaceXAI AQShda Starlink interneti uchun 50 foizlik chegirma eʼlon qildi

SpaceXAI kompaniyasi AQShning ayrim hududlarida uy interneti uchun moʻljallangan Starlink sunʼiy yoʻldosh aloqasi tariflariga 50 foizlik chegirma taqdim eta boshladi. Ushbu tashabbus xaridorlarga yuqori tezlikdagi ulanishni ancha arzon narxlarda olish imkonini bersa-da, mahalliy aholi va ekologlar oʻrtasida turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

ixbt.com maʼlumotiga koʻra, chegirmalar Tennessi shtatining Memfis shahri hamda unga qoʻshni boʻlgan Missisipi shtatidagi Sautxeyven shahri aholisi uchun amaliyotga joriy etildi. Maxsus aksiya Starlink tarmogʻining barcha uchta asosiy uy-joy tarifi rejalarini qamrab oladi va mijozlarga sezilarli moliyaviy yengillik yaratadi.

Tariflar va yangi jihozlar

Aksiya doirasida narxlar quyidagicha oʻzgardi:

  • 100 Mbit/s gacha boʻlgan boshlangʻich tezlikdagi reja oyiga 55 dollardan 27,50 dollargacha arzonlashdi.
  • 200 Mbit/s tezlikdagi oʻrta tarif narxi 85 dollardan 42,50 dollargacha tushirildi.
  • Maksimal tezlikni taqdim etuvchi Max tarifi esa 130 dollar oʻrniga 65 dollardan taklif qilinmoqda.
Shuningdek, yangi mijozlar yaqinda taqdim etilgan Starlink V5 jihozlar toʻplamini ijaraga olganda qurilma uchun alohida haq toʻlamaydi. Bu boshlangʻich xarajatlarni 349 dollargacha tejash imkonini beradi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, mazkur taklifdan allaqachon 2000 ga yaqin fuqaro foydalanishga ulgurgan.

Hududiy oʻziga xosliklar va raqobat

Memfis shahri uchun 2000 ta ulanish unchalik katta koʻrsatkich emas, chunki shaharning aholisi 600 ming kishidan oshadi, xonadonlar soni esa 250 mingtadan koʻp. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu taklif optik tolali tarmoqlar mavjud boʻlmagan olis tumanlar uchun qoʻl keladi. Biroq tezkor simli internet bor joylarda mahalliy operatorlar 300 Mbit/s dan yuqori tezlikdagi optik internetni taklif qilgani bois, Starlink hamisha ham ustunlikka ega emas. Shunga qaramay, sunʼiy yoʻldosh aloqasi koʻpchilik uchun ishonchli zaxira kanal vazifasini bajarishi mumkin.

Ekologik noroziliklar va kelgusi rejalar

Ushbu aksiya xAI kompaniyasining Memfisdagi maʼlumotlar markazlari atrofidagi ziddiyatlar fonida eʼlon qilindi. Ekologik tashkilotlar obyektlarni elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun gaz turbinalaridan foydalanilayotganini qattiq tanqid qilmoqda. Ularning daʼvosiga koʻra, ayrim generatorlar tegishli ruxsatnomalarsiz ishlab, havo ifloslanishini oshirgan. SELC ekologik tashkiloti vakillari hudud aholisi internet narxi arzonlashishini emas, balki energetika infratuzilmasi muammolari hal etilishini kutayotganini taʼkidladi.

Maʼlum qilinishicha, SpaceXAI bir yil ichida quvvati 1,2 GW boʻlgan stasionar elektr stansiyasi ishga tushishi bilan 69 ta gaz generatorini bosqichma-bosqich yopishni vaʼda qilgan. Shuningdek, kompaniya xuddi shunday 50 foizlik chegirani oʻzining yangi kosmodromi qurilishi rejalashtirilgan Luiziana shtatidagi Vermillion okrugi aholisiga ham taklif etmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar