OpenAI ChatGPT Images 2.5 modelini taqdim etdi

OpenAI ChatGPT Images 2.5 yangi tasvir yaratish modelini taqdim etdi. Yangi versiya avvalgi Images 2.0 modelidan 50 foizgacha tezroq ishlaydi. Shuningdek, u tabiiy yorug‘lik va teksturalarni aniqroq aks ettiradi hamda namuna sifatida yuklangan suratlardagi asosiy obyektlarni yaxshiroq saqlab qoladi.
Yangi model rasmlarni tahrirlash imkoniyatlarini ham kengaytirdi. Foydalanuvchi muayyan qismni o‘zgartirish uchun faqat matn bilan tushuntirib qolmaydi, balki rasmning o‘zida izoh qoldirishi yoki kerakli obyektni chizib ko‘rsatishi mumkin.
ChatGPT'ga Sketch funksiyasi ham qo‘shildi. U orqali foydalanuvchi o‘z g‘oyasini to‘g‘ridan to‘g‘ri chizib, uni yakuniy tasvir uchun namuna sifatida ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, poster va mahsulot suratlari kabi mashhur formatlar uchun tayyor shablonlar paydo bo‘ldi. Bu foydalanuvchilarga tasvir yaratishni noldan boshlamasdan, tayyor shakl asosida ishlash imkonini beradi.
OpenAI ma’lum qilishicha, Images 2.5 bir nechta ketma-ket tahrir jarayonida ham rasmning asosiy jihatlarini yaxshiroq saqlab qoladi. Masalan, bir obyekt yoki fon o‘zgartirilganda, boshqa detallarning avvalgi ko‘rinishi saqlanishi ehtimoli yuqori.
Dasturchilar uchun API orqali ikki yangi model ham taqdim etildi. GPT-Image-2.5 Flare tezlik, sifat va tahrirlash imkoniyatlarini birlashtirib, yuqori hajmdagi generatsiya, ijtimoiy tarmoq kontenti va mahsulot tasvirlari kabi vazifalarga mo‘ljallangan.
GPT-Image-2.5 Sunburst esa detallarga boy va aniq nazorat talab qiladigan ijodiy hamda tahrirlash vazifalari uchun ishlab chiqilgan. Uning generatsiya vaqti Flare'ga nisbatan uzoqroq bo‘lishi mumkin.
ChatGPT Images 2.5 kompyuter, smartfon va veb versiyadagi ChatGPT, ChatGPT Work hamda Codex foydalanuvchilari uchun taqdim etilmoqda.































Izohlar 0
…