Jon Ternus sunʼiy intellekt davrida eng yaxshi qurilma iPhone ekanini aytdi

Jon Ternus sunʼiy intellekt davrida eng yaxshi qurilma iPhone ekanini aytdi

Apple kompaniyasining yangi rahbari Jon Ternus "Surprise and Shine" tadbirining ochilish marosimida korporatsiyaning sunʼiy intellekt sohasidagi strategiyasini eʼlon qildi. Ixbt.com maʼlumotiga koʻra, u sunʼiy intellekt boʻyicha asosiy stavka yangi gadjetlarga emas, balki aynan iPhone smartfoniga tikilishini va kompaniya raqobatchilardan farqli oʻlaroq foydalanuvchilar maxfiyligiga ustuvor ahamiyat qaratishini maʼlum qildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Kupertinoda oʻtgan taqdimot davomida Jon Ternus rahbirlik lavozimini Tim Kukdan qabul qilib olganidan keyingi ilk yirik chiqishini amalga oshirdi. Hozirda Tim Kuk kompaniyaning ijrochi raisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. Ternusning taʼkidlashicha, sunʼiy intellekt davrida alohida yangi turdagi qurilmalar yaratish shart emas, chunki bozorda mavjud eng mukammal intellektual shaxsiy markaz allaqachon mavjud.

Ideal sunʼiy intellekt qurilmasi qanday boʻlishi kerak?

Tadbir davomida yangi bosh direktori ideal sunʼiy intellekt gadjetiga qoʻyiladigan asosiy talablarni sanʼab oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, bunday qurilma foydalanuvchining shaxsiy kontekstini chuqur tushunishi, doimo egasining yonida boʻlishi hamda sunʼiy intellekt modellarini bevosita gadjetning oʻzida hamda bulutli texnologiyalar yordamida ishlatishga qodir kuchli protsessorga ega boʻlishi lozim.

Shuningdek, intellektual markaz rolini oʻtaydigan qurilma katta displey, yuqori sifatli kameralar va mikrofonga ega boʻlib, tashqi muhitni koʻra va eshita olishi shart. Bularning barchasi uzoq muddatli batareya quvvati bilan taʼminlanishi hamda murakkab oʻrganish jarayonlarisiz oson ishlatilishi kerakligi alohida taʼkidlandi.

Maxfiylik va raqobat ustunligi

Ternusning fikricha, mukammal qurilma boshqa gadjetlar, ilovalar va xizmatlar bilan mukammal integratsiya qilingan boʻlishi zarur. Aynan shu omillar iPhoneʼni sunʼiy intellekt uchun eng maqbul platformaga aylantiradi, chunki u foydalanuvchiga tanish va qulay muhitni taqdim etadi.

Maʼruzada maʼlumotlar xavfsizligi masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Jon Ternusning soʻzlariga koʻra, boshqa kompaniyalar foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini yigʻish va saqlash obyekti sifatida koʻradi, Apple esa bu yondashuvga qarshi chiqadi.

Apple Intelligence funksiyasi imkon qadar toʻgʻridan-toʻgʻri qurilmaning oʻzida ishlashi taʼminlangani kompaniyaning asosiy farqlovchi jihati sifatida koʻrsatildi. Yangi rahbarning taʼkidlashicha, foydalanuvchi maʼlumotlari oʻz nazoratidan chiqqan taqdirda har qanday ishonch oʻz qiymatini yoʻqotadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar