
Har bir inson sog‘lom va muvozanatli ovqatlanishga intiladi, biroq ba’zi mahsulotlar bor-ki, ular ishtahani yanada ochib, ortiqcha kaloriyalar iste’mol qilishga sabab bo‘ladi. Keling, shunday “ayyor” mahsulotlar ro‘yxatini ko‘rib chiqamiz.
Kartoshka fri

Foto: Shutterstock
Kartoshka fri o‘zida ko‘p miqdorda yog‘ va kraxmal saqlaydi, bu esa organizmga tezda energiya beradi, lekin ayni paytda qondagi qand miqdorini keskin ko‘taradi. Shundan so‘ng, qand miqdori tez tushib ketadi va tanangiz yana ochlik hissini sezadi. Bundan tashqari, kartoshka fridagi tuz miqdori ham muhim rol o‘ynaydi – u ta’bni shunchalik jozibali qiladi-ki, siz to‘xtamay yana iste’mol qilgingiz keladi.
Gazlangan ichimliklar
Gazlangan ichimliklar tarkibidagi yuqori fruktozali sirop tufayli organizmda leptin (to‘qlik gormoni) darajasi pasayadi. Natijada, tanangiz ochlik hissini yo‘qotish o‘rniga, yana ovqat talab qiladi. Bundan tashqari, gazlangan ichimliklarning nordon va shirin ta’mi shirinliklarga bo‘lgan ishtahani yanada oshiradi.
Draje konfetlari

Foto: Shutterstock
Ushbu rangli konfetlarning ustki qismidagi shirinlik tarkibida makkajo‘xori siropi mavjud, bu mahsulot aslida allaqachon taqiqlangan bo‘lishi kerak edi. Bu shakarning eng arzon va eng zararli turidir. U ham leptin gormoniga ta’sir qiladi va ishtahani ochib yuboradi. Shuningdek, ko‘pgina draje konfetlar yorqin ranglarga ega bo‘lishi uchun sun’iy bo‘yoqlardan foydalaniladi.
Rafinadlangan uglevodlar

Foto: Shutterstock
Bu uglevodlari qayta ishlangan mahsulotlar bo‘lib, ulardagi o‘simlik tolalari, vitaminlar va minerallar olib tashlangan bo‘ladi. Ular ko‘pincha tez hazm bo‘lib, qondagi qand miqdorini keskin oshiradi. Yangi pishgan oq non, makaron, xlopyalar shular jumlasidandir.
Pishloqli makkajo‘xori qalamchalari

Foto: Shutterstock
Kiyimlaringizda sariq va olovrang dog‘lar qoldiradigan o‘tkir ta’mli bunday gazaklar yengil bo‘lganligi sababli zararsiz ko‘rinadi. Ammo qalamchalar tarkibi faqatgina tuz, shakar va yog‘lardan emas, balki kimyoviy ta’m kuchaytirgichlarga ham boy. Ular ishtahani ochib yuboradi.
Muzqaymoq

Foto: Shutterstock
Eng xavfli muzqaymoq bu tuzlangan karamel yoki dengiz tuzi qo‘shilgan variantidir. Ushbu muzqaymoq shirin va sho‘r ta’m uyg‘unligi sababli taomdan lazzatlanish qamrovini kengaytiradi va miyani yanada ko‘proq iste’mol qilishga undaydi.
Nachinkali ponchiklar

Foto: Shutterstock
Nachinkali ponchiklar yumshoq va havo kabi yengil xamir mahsulotlari bo‘lib, ularning ichiga murabbo, shokolad, qaymoq yoki boshqa shirinliklar solinadi. Ular ko‘pincha nonushta yoki shirin gazak sifatida iste’mol qilinadi. Ponchiklar tarkibida ko‘p miqdorda trans yog‘lar bo‘lib, yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi, shakar miqdorining yuqoriligi qandli diabet va tish kasalliklariga olib keladi hamda insulin darajasining keskin o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.
Kaloriyasi yuqori bo‘lgani sababli ularni ko‘p iste’mol qilish ortiqcha vazn to‘planishiga olib keladi va metabolizm jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, do‘konlardagi ponchiklarning tarkibida turli sun’iy qo‘shimchalar, konservantlar bo‘lishi mumkin. Shu sababli, ponchiklarni yeyishdan tiyilish tavsiya etiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar