22:26 / 11.07.2017
11 748

Qorindagi ortiqcha yog‘lardan sportsiz xalos bo‘lish mumkinmi?

Qorindagi ortiqcha yog‘lardan sportsiz xalos bo‘lish mumkinmi?
Qorin sohasidagi ortiqcha yog‘lardan aziyat chekuvchi ayol borki barchasi biladi: hipchabel bo‘lish uchun kam eb, ko‘p harakat qilish kerak! Ammo bu qoidaga amal qilish unchalik ham oson emas-da. «Ko‘p harakat qil va kam e» qoidasi shak-shubhasiz samara beradi, ayniqsa, yoshlarga. Biroq o‘rta yoshli xonimlarga-chi? Uy, ish, maishiy muammolar sport bilan shug‘ullanishga vaqt ham, hafsala ham qoldirmaydi. Shuning uchun bugun sizlarga o‘rta yoshlilarga mos ozish va ortiqcha yog‘lardan xalos bo‘lish yo‘llarini o‘rgatamiz.

Stressga «Yo‘q», uyquga «Ha» deymiz!

Tadqiqotlarda ko‘hlikkina ayollar stressga, his-hayajonga beriluvchan bo‘lishlari aniqlangan. Ya’ni bunday ayollarning organizmida qon tarkibini va moddalar almashinuvini o‘zgartirib yuboruvchi stress gormonlari ko‘p ishlab chiqariladi. Natijada, asabiylashganda, his-hayajonga berilganda, alam ustida tarkibida shakar va yog‘ mo‘lu ko‘l bo‘lgan shirinliklarni qanday qilib paqqos tushirganlarini bilmay qolishar ekan. Agar belingiz hipchaday bo‘lishini istasangiz, bugundanoq bu odatingizni unuting. Yaxshisi uni uyqu bilan almashtiring. Bir kunda 8-9 soat uxlashga odatlaning, shunda asablaringiz joyida, ko‘nglingiz esa xotirjam bo‘ladi.

Gormonal muvozanat ham muhim

Vazningiz ortayotganini sezishingiz bilan endokrinolog shifokor qabuliga yoziling. Hech kimga sir emaski, gormonlar faoliyatining buzilishi vazn to‘plashga olib keladi. Qalqonsimon bez va jinsiy gormonlarni tekshirtiring.

«Kam eng va kam harakat qiling»
Maslahatimizga ajablanmang, gap shundaki, «Ko‘p harakat qiling» iborasi ostida faol jismoniy mashqlar, ya’ni: sport majmuasiga hafatasiga 4 marta borish, yugurish va aerobika mashg‘ulotlari yotadi. Ammo bir narsani yodda tuting, uzoq davom etgan faol jismoniy mashqlar ishtahangizni shunaqayam ochib yuboradiki, so‘ng qancha taom eb yuborganingizni bilmay qolasiz. Natijada, yo‘qotilgan kaloriya o‘rnini osongina qoplaganingiz kamday, semizlikka ham zamin yaratasiz qo‘yasiz. Mushaklaringiz chiniqadi, lekin qorindagi yog‘lar o‘z joyida qolib ketaveradi. Shunday ekan o‘zingizni mashqlar bilan qiynamang, yayov kezish rejimiga o‘ting, o‘zingizni majburlab, qiynalib emas, sayrdan rohatlangan zavqlangan holda bu ishni bajaring. Masalan, kechki ovqatdan so‘ng sayrga chiqing, ishga borayotganda va qaytayotganda avtobusdan bir bekat avval tushing-u, u yog‘iga piyoda uyingizga etib oling.

Qanday taomlanish kerak, deysizmi?
Kam-kam va tez-tez 5 mahal taomlanishga o‘tish vaqti keldi. Taomlanish rejimingiz nonushta, ikkinchi nonushta, tushlik, tolmachoy va kechki ovqatdan iborat bo‘lsin. Shu bilan birga ovqat miqdori ham doimgidan kamroq bo‘lishiga ahamiyat Bering. Aytaylik faqat sho‘rva, go‘sht va salat yoki garnir va sabzavotlar yaxshi taklif. 3 xil taomdan iborat tushlikni unuting, shunchaki ochlik hissidan qutulish uchungina taomlaning, qorin va ko‘zni to‘ydirish uchun emas.

Oqsilli mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qiling. Dasturxoningizda, albatta, baliq, tuxum, yog‘siz go‘sht va sut maxsulotlari tursin. Ular qorinni to‘q tutadi, to‘q qoringa esa hadeb ishtahangizni ochavermaydi. Meva va sabzavotlarni ham muntazam ravishda tanovvul qilishni unutmang.

Beklarni ham chetlab o‘tmaymiz
Qorin muammosi ayollardan ko‘proq erkaklarda uchraydi. Ularga yuqoridagi maslahatlarga qo‘shimcha ravishda kichik tavsiyamiz bor: spirtli ichimliklar ichishni butunlay tashlang. Har qanday turdagi spirtli ichimliklar yog‘ to‘qimalari erishiga to‘sqinlik qiladi. Spirtli ichimliklarda ham kaloriya bo‘lishini bilarmidingiz? Tanangiz mast qiluvchi ichimlikni qabul qilganda, undagi spirtni organizmdan chiqarib yuborish bilan shug‘ullanadi, kaloriyani yo‘qotish bilan emas.

Xullas, anglagangizdek, mo‘jiza o‘zidan o‘zi yuz bermaydi. Sport bilan shug‘ullanmasangiz ham, baribir, nimadandir voz kechishingiz kerak. Shunday ekan, harakatdan to‘xtamang. Axir siz xushbichim qomat va sog‘lom ko‘rinishga munosibsiz.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Qorindagi ortiqcha yog‘lardan sportsiz xalos bo‘lish mumkinmi?