19:18 / 22.01.2020
5 981

7 mingga yaqin «SES» xodimi ishdan bo‘shatilmoqda. Ular qonunan qanday huquqlarga ega?

7 mingga yaqin «SES» xodimi ishdan bo‘shatilmoqda. Ular qonunan qanday huquqlarga ega?
Foto: Shutterstock
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari xodimlarining ommaviy ravishda ishdan ozod etilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ishsiz qolayotgan minglab fuqarolar bu holatdan norozi bo‘lib, turli tashkilotlarga shikoyat arizalari bilan murojaat yo‘llashmoqda.
Kun.uz Sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati xodimlarining noroziligi va e’tirozlariga sabab bo‘lgan omillar bilan qiziqdi.

Avvalo shuni qayd etish kerakki, prezidentning 2019 yil 9 sentabrdagi PF-5814-sonli farmoniga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati tashkilotlari va ularning hududiy bo‘linmalari negizida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida esa Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tashkil etilgan edi.

Mazkur farmonga asosan, 2020 yil 1 aprelga qadar sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatlari xodimlari sonini 7 ming shtat birligiga bosqichma-bosqich maqbullashtirish va shtat birliklarining bir qismini Davlat inspeksiyasiga berish vazifasi yuklatilgan.

Yangi tashkil etilgan agentlik matbuot xizmati xodimining ma’lum qilishicha, farmon ijrosini ta’minlash maqsadida tizimda mavjud bo‘lgan 6736ta shtat birliklari qisqartirilishi belgilangan.

Shunga ko‘ra, qisqarishga tushgan mazkur shtat birliklarida band bo‘lib turgan xodimlar bilan mehnat munosabatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinish jarayonlari boshlangan.

Izohda aytilishicha, ishdan bo‘shatilayotgan xodimlarning mehnat huquqlari to‘la ta’minlanishi uchun Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan hamkorlikda tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Shu o‘rinda, shtatlar qisqarishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda xodimning huquqlari va ish beruvchining majburiyatlari borasida qonun hujjatlarida belgilangan tartib-qoidalar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.
  • Ish beruvchi xodim bilan mehnat shartnomasini xodimlar soni (shtati) qisqarganligi sababli bekor qilish niyati haqida xodimni kamida 2 oy oldin yozma ravishda ogohlantirishi shart. (Mehnat kodeksi, 102-modda)
  • Shu ikki oylik ogohlantirish davrida xodimga boshqa ish qidirish uchun haftada kamida bir kun ish haqi saqlangan holda ishga chiqmaslik huquqi beriladi.
  • Xodimga o‘rtacha oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanadi. (MK, 109-modda)
  • Boshqa ish qidirish davrida ikki oydan ortiq bo‘lmagan vaqt mobaynida xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi. Bunda xodimga to‘langan bir oylik ishdan bo‘shatish nafaqasi (yuqoridagi band) ham qo‘shib hisobga olinadi. (MK, 67-modda)
  • Mehnat shartnomasi xodimlar soni (shtati) qisqargani munosabati bilan bekor qilinganda ishda qoldirish uchun imtiyozli huquq malakasi va mehnat unumdorligi yuqoriroq bo‘lgan xodimlarga beriladi. (MK, 103-modda)

Malakasi va mehnat unumdorligi bir xil bo‘lgan taqdirda quyidagilarga afzallik beriladi:
- Qaramog‘ida ikki yoki undan ortiq kishi bo‘lgan xodimlarga;
- Oilasida undan bo‘lak mustaqil ish haqi oluvchi bo‘lmagan shaxslarga;
- Mazkur korxonada ko‘p yillik ish stajiga ega xodimlarga;
- Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarida tegishli mutaxassislik bo‘yicha malakasini oshirayotgan xodimlarga va ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarini tamomlagan shaxslarga o‘qishni tugatgandan so‘ng mutaxassisligi bo‘yicha ishlayotgan taqdirda ikki yil mobaynida;
- Mazkur korxonada mehnatda mayib bo‘lib qolgan yoki kasb kasalligini orttirgan shaxslarga;
- Urush nogironlari, urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
- Atom ob’ektlaridagi falokatlar oqibatida kelib chiqqan oshirilgan radiatsiya nurlanishi bilan bog‘liq nurlanish kasalligi va boshqa kasalliklarga yo‘liqqan yoki shunday kasalliklarni boshidan kechirgan shaxslarga;
- nogironligi atom ob’ektlaridagi falokatlar munosabati bilan boshlanganligi aniqlangan nogironlarga;
- ana shunday falokatlar va halokatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlari qatnashchilariga, shuningdek mazkur zonalardan evakuatsiya qilingan yoki ko‘chirilgan shaxslarga hamda ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga.

Shuningdek, kodeksning 237-moddasiga muvofiq, homilador va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan (jumladan xodimlar soni (shtati) qisqarganligi sababli) bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Dilshod Abduqodirov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » 7 mingga yaqin «SES» xodimi ishdan bo‘shatilmoqda. Ular qonunan qanday huquqlarga ega?