Foto: Autostrada
Ostona shahrida Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumat rahbarlari o‘rinbosarlari darajasidagi ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qozog‘iston savdo va integratsiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tomonlar ushrashuv davomida ikki davlat prezidentlarining 2022 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma loyihalar, investitsiya kelishuvlari va savdo shartnomalarini ko‘rib chiqqan.
Xususan, Qozog‘istonning Qo‘stanay viloyatida Chevrolet Onix avtomobillarini kichik hajmda yig‘ish ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha 2024 yilning birinchi choragida «SariarkaAvtoProm» zavodi negizida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shartnomalar tuzilib, payvandlash, bo‘yash, yig‘ish sexlari uchun uskunalar ishlab chiqarish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Chimkent va Turkiston viloyatida to‘qimachilik majmualarini qurish bo‘yicha ham loyihalar amalga oshirilmoqda. 2023 yil aprel oyida «Janassil» zavodida o‘zbek paxta chigitini tajriba tariqasida ekish va keyinchalik qayta ishlash bo‘yicha kelishuvga erishgan. Ayni paytda viloyatda 30 gektar maydonga yangi «Namangan – 77» chigiti ekilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring