
Volkswagen kompaniyasi o‘zining kelajakdagi elektr хetchbeki Golf’ning “quvvatli” versiyasi ustida ish olib bormoqda. Nemis brendining ushbu mashhur modeli to‘qqizinchi avlodida to‘liq elektr quvvatiga o‘tishi kutilmoqda, ammo shunga qaramay, GTI yorlig‘ini saqlab qoladi.
Muhandislar va marketing mutaxassislari avtomobilni ichki yonuv dvigateliga ega mashinaga o‘xshatish ustida bosh qotirmoqda. Dvigatel ovozining imitatsiyasi va uzatmalar qutisining o‘zgarishi kabi variantlar ko‘rib chiqilmoqda.
Birinchi prototiplar allaqachon sinovdan o‘tayotgani bois ular haqida ba’zi ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Insayderlarning taxminlariga ko‘ra, Golf 9 2028 yoki 2029-yilda taqdim etiladi. Mashina Rivian muhandislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan eng yangi SSP platformasida quriladi.
GTI indeksi ostidagi “quvvatli” versiya 2030-yilda chiqarilishi mumkin va ehtimol, g‘ildiraklar orasida momentni o‘zgaruvchan taqsimlash texnologiyasidan foydalanadi. Shu yo‘l bilan Volkswagen muhandislari avtomobilning avvalgi modellarga xos DNKsini saqlab qolishga harakat qilishadi.
Bundan tashqari, yangi elektr Golf GTI dagi moment boshqaruvi to‘liq dasturiy ta’minot orqali emas, balki mexanik elementlarni jalb qilgan holda amalga oshirilishi mumkin.
Masalan, ID.2 GTI sport хetchbekida Volkswagen elektron boshqaruvga ega mexanik blokirovka differensialidan foydalanishni rejalashtirmoqda. Ushbu model 2026-yil oxirida taqdim etilishi va 2027-yilda savdoga chiqarilishi kutilmoqda.
Biroq, hozircha bu boradagi ma’lumotlar rasmiy emas. Volkswagen rahbariyati va muhandislari o‘rtasida ushbu texnik masalalar bo‘yicha hali ham kelishmovchiliklar mavjud. Yakuniy qarorni qabul qilish uchun kompaniyada hali vaqt bor, chunki elektr Golf GTI’ning taqdimoti taxminan besh yildan keyin bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar