Kia 2030-yilgacha Picanto modelini ishlab chiqarishni to'xtatishi mumkin

Kia kompaniyasining Buyuk Britaniyadagi rahbari Pol Filpottning ma'lum qilishicha, agar ZEV (nol emissiyali avtomobillar) mandatiga oid qoidalar o'zgartirilmasa, kompaniya o'zining mashhur Picanto xatchbekini 2030-yilga kelib sotuvdan olib tashlashga majbur bo'ladi. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Amaldagi qoidalarga ko'ra, 2030-yildan keyin sotiladigan barcha yangi avtomobillar gibrid tizimga ega bo'lishi shart, 2035-yildan esa faqat to'liq elektromobillar sotuviga ruxsat beriladi. Kia Picanto modeli esa 1,0 litrli benzinli dvigatel bilan jihozlangan va kompaniya unga gibrid texnologiyasini joriy etishni rejalashtirmayapti.
Filpottning ta'kidlashicha, 2027-yildan boshlab elektromobillar savdosi ulushi keskin oshib borishi sababli, kompaniya o'z modellar qatorini qayta ko'rib chiqishga majbur. Hozirda Kia Sportage krossoveri sotuvlarning katta qismini tashkil etadi va kelajakda kompaniya faqat eng xaridorgir modellarni saqlab qolish uchun qiyin qarorlar qabul qilishi kerak bo'ladi.
Hukumat kelgusi yili mandat qoidalarini qayta ko'rib chiqishni rejalashtirmoqda, biroq bu o'zgarishlar an'anaviy ichki yonuv dvigatelli avtomobillar uchun yengillik yaratishi kutilmayapti. Shu bois, Kia Picanto kabi ixcham avtomobillar kelajagi xavf ostida qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!