Elektromobillar kutilganidan chidamliroq: 100 000 km masofadan soʻng batareyalar holati

Zamonaviy elektromobillarning akkumulyatorlari koʻpchilik oʻylaganidan koʻra ancha sekinroq eskirishi maʼlum boʻldi. Yangi tadqiqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, hatto 100 000 kilometrdan ortiq masofa bosib oʻtilganda ham, eng yaxshi modellarning batareyalari oʻzining dastlabki sigʻimini 95 foizdan yuqori darajada saqlab qolmoqda. Bu koʻrsatkich elektromobillarning xizmat qilish muddati borasidagi xavotirlarni sezilarli darajada kamaytiradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Avstriyaning AVILOO kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan diagnostika tizimi yordamida Shvetsiyada 2022-yildan 2024-yilgacha oʻtkazilgan tahlillar natijalari ixbt.com nashrida eʼlon qilindi. Tadqiqot davomida 9 954 ta foydalanilgan elektromobilning akkumulyator holati tekshirib chiqildi. Natijalar shuni koʻrsatadiki, aksariyat ommabop modellar uzoq muddatli ekspluatatsiyadan keyin ham oʻz quvvatini yoʻqotmaydi.
Reyting yetakchilari: Janubiy Koreya brendlari ustunligi
Tadqiqot natijalariga koʻra, akkumulyatorning chidamliligi boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichni 64 kW·soat quvvatli batareyaga ega Kia e-Niro modeli qayd etdi. Ushbu avtomobil 100 000 km masofadan soʻng oʻrtacha 97,25 foiz sigʻimni saqlab qolgan. Ikkinchi oʻrinni xuddi shunday hajmdagi akkumulyator bilan jihozlangan Hyundai Kona Electric (97,18%) egalladi. Kuchli uchlikni esa 77,4 kW·soat batareyali Kia EV6 (95,95%) yakunlab berdi.Shuningdek, kuchli oltilikdan quyidagi modellar ham joy oldi:
- Volvo XC40 Recharge (CATL batareyasi, 69 kW·soat) — 94,70%;
- Polestar 2 (CATL batareyasi, 78 kW·soat) — 94,35%;
- BMW i3 (120 Ah) — 93,77%.
Batareya turi va ishlab chiqaruvchisining ahamiyati
Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, akkumulyatorning chidamliligi nafaqat avtomobil modeliga, balki unda ishlatilgan batareya turiga ham bogʻliq. Bunga Tesla Model 3 misolida yaqqol guvoh boʻlish mumkin. Ushbu modelning CATL kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan litiy-temir-fosfatli (LFP) batareyasi 100 000 km yoʻldan keyin 93,34 foiz sigʻimini saqlagan. LG Chem batareyalari oʻrnatilgan versiyalar 91,5 foiz, Panasonic akkumulyatorlari esa modifikatsiyasiga qarab 88,2 foizdan 89,8 foizgacha natija koʻrsatgan.Oʻzbekiston bozorida ham keng tarqalayotgan Volkswagen ID.4, Volkswagen ID.3 hamda Audi e-tron kabi modellar ham yuqori chidamlilik reytingidan joy olgan. Masalan, Volkswagen ID.3 modeli eng yaxshi 20 talik roʻyxatida oxirgi oʻrinni egallagan boʻlsa-da, uning akkumulyatori 100 000 km masofadan keyin ham 91,79 foiz quvvatni saqlab qolgan.
Mutaxassislarning fikricha, batareyalarning degradatsiyasiga (eskirishiga) foydalanish sharoitlari, iqlim va quvvatlash rejimlari bevosita taʼsir koʻrsatadi. Tezkor quvvatlash stansiyalaridan doimiy foydalanish va haddan tashqari issiq iqlim eskirishni tezlashtirishi mumkin. Shunga qaramay, umumiy manzara ijobiy: zamonaviy tortish batareyalari yillar davomida oʻz samaradorligini yuqori darajada saqlaydi, bu esa ikkilamchi bozorda elektromobillarga boʻlgan ishonchni oshiradi.






























Izohlar 0
…