Honda yangi avlod Ridgeline pikapini namoyish etdi: Dizayn tubdan oʻzgaradi

Yaponiya avtogiganti Honda oʻzining mashhur Ridgeline pikapining uchinchi avlodi ustida ish olib bormoqda. Kompaniya yangi modelning ilk rasmiy tizer tasvirini eʼlon qilib, avtomobil ixlosmandlari orasida katta qiziqish uygʻotdi. Ushbu yangilanish nafaqat tashqi koʻrinishni, balki modelning bozordagi oʻrnini ham tubdan oʻzgartirishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
ixbt.com maʼlumotiga koʻra, yangi Honda Ridgeline yaqin ikki yil ichida rasman debyut qiladi. Birinchi eʼlon qilingan suratdan koʻrinib turibdiki, avtomobil avvalgi avlodlariga qaraganda ancha tajovuzkor va "shafqatsiz" dizaynga ega boʻladi. Bu uslub uni Shimoliy Amerika bozoridagi klassik va qudratli pikaplarga yaqinlashtiradi.
Amerika ruhi va muhandislik yondashuvi
Yangi loyiha ustida Honda kompaniyasining Janubiy Kaliforniyadagi dizayn studiyasi ishlamoqda, muhandislik ishlanmalari esa Ogayo shtatida amalga oshirilmoqda. Avtomobilni seriyali ishlab chiqarish Alabama shtatidagi zavodda yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan. Bu esa modelning aynan Amerika isteʼmolchilari didiga moslab yaratilayotganidan dalolat beradi.Kompaniya vakillarining taʼkidlashicha, uchinchi avlod Ridgeline yanada mustahkam dizayn va kengaytirilgan imkoniyatlarga ega boʻladi. Biroq, hozircha texnik tafsilotlar, jumladan, platforma, dvigatellar liniyasi va dinamik xarakteristikalar sir tutilmoqda. Honda muhandislari yangi modelning quvvati va yoʻltanlamaslik qobiliyatini oshirishga asosiy urgʻu berishmoqda.
Konstruktsiya va qulaylik muvozanati
Garchi tashqi koʻrinish oʻzgarsa-da, avtomobilning asosiy konstruksiyasi saqlanib qolishi kutilmoqda. 2005-yildan beri Ridgeline modellari koʻtaruvchi kuzov (nesushiy kuzov) asosida qurib kelinadi. Bu yechim pikapga yengil avtomobillarga xos boshqaruvchanlik va yuqori darajadagi qulaylikni taʼminlaydi. Klassik ramali pikap ishqibozlari buni tanqid qilsalar-da, Honda ushbu anʼanadan voz kechishi dargumon.Qizigʻi shundaki, yangi anonsda Honda oʻzining anʼanaviy "fichalari" haqida deyarli toʻxtalib oʻtmadi. Avvalgi modellarda yuk platformasi ostidagi maxsus yukxona va ikki tomonlama ochiladigan orqa eshik asosiy ustunliklardan biri edi. Endilikda esa asosiy eʼtibor avtomobilning "erkakcha" qiyofasiga va yoʻltanlamaslik xarakteriga qaratilmoqda.
Honda ushbu qadam orqali Ridgeline modelini Ford Ranger, Toyota Tacoma yoki Chevrolet Colorado kabi raqobatchilari bilan teng darajada kurasha oladigan darajaga olib chiqmoqchi. Oʻzbekiston bozorida ham pikaplarga boʻlgan qiziqish ortib borayotgan bir paytda, bunday zamonaviy va qulay modelning paydo boʻlishi xaridorlar uchun yangi tanlov imkoniyatini yaratishi mumkin.






























Izohlar 0
…