Toyota Rossiyada RAV4, bZ va Aygo savdo belgilarini roʻyxatdan oʻtkazdi

2022-yilda Rossiya bozorini tark etgan Toyota kompaniyasi Rospatentda bir vaqtning oʻzida uchta savdo belgisini — RAV4, bZ va Aygo nomlarini roʻyxatdan oʻtkazdi. Yaponiya tomonidan yuborilgan arizalar 2025-yil 31-mart kuni topshirilgan boʻlib, ular avtomobillar va boshqa transport vositalarini qamrab oluvchi XMTKning 12-toifasi boʻyicha rasmiylashtirilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu eksklyuziv huquqlarning amal qilish muddati 10 yilni tashkil etadi. Savdo belgilarining yangidan roʻyxatga olinishi brendning Rossiya bozoriga qaytishini anglatmaydi, balki Toyota kompaniyasiga oʻz nomlariga boʻlgan huquqlarni saqlab qolish va ularni uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy foydalanishdan himoya qilish imkonini beradi.
Eslatib oʻtamiz, Toyota 2022-yil sentyabr oyida Sankt-Peterburgdagi zavodida avtomobil ishlab chiqarishni toʻxtatgan edi. Ushbu korxona yiliga 100 ming dona mashina chiqarishga moʻljallangan edi. Hozirda mazkur maydon AGR kompaniyasiga tegishli boʻlib, u yerda Esteo MX krossoverini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.
Yangi Esteo MX modeli 2,0 litrli, 197 ot kuchiga ega dvigatel, 8 pogʻonali avtomat uzatmalar qutisi va toʻliq uzatmali tizim bilan jihozlangan. Shuningdek, avtomobilning old panelida uchta zamonaviy ekran joylashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!