Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov Soloxi qishlog‘i o‘qqa tutilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, yetti kishi yaralangani to‘g‘risida xabar berdi. Rossiyaning Ukraina bilan chegarasidagi aholi punktlari doimiy ravishda o‘qqa tutib kelinmoqda, ammo shu vaqtgacha Belgorod oblastida ham, boshqa oblastlarda ham o‘lim holatlari kuzatilmagandi, bu vaqtda urush boshidan buyon BMT Ukrainada tinch aholi vakillari orasida tasdiqlangan o‘lim holatlari soni 3,5 ming atrofida ekanini ma’lum qilgan.
Hujum oqibatida 17 ta uy va 6 ta avtomobil jabrlangan. Foto: T.ME/VVGLADKOV
Ukraina bilan chegaradosh bo‘lgan boshqa oblastlar gubernatorlari kabi Gladkov ham o‘z telegram-kanali orqali Rossiyaning Ukrainaga bosqini bilan bog‘liq so‘nggi ma’lumotlarni berib kelmoqda. Ma’lum qilinishicha, dastlab 6 yarador va bir vafot etgan kishi olib kelingan. Keyinroq yaralanganlar soni yetti nafarga yetgan. U qurbonlar soni ikki nafarni tashkil etayotgani to‘g‘risidagi xabarlarni rad etgan.
«Yetti kishi yaralangan, kechasi yana bir jabrlanuvchini olib kelishdi. Federal telegram-kanallar 14 yoshli bola halok bo‘lgani haqida yozishmoqda. Ammo bu to‘g‘ri emas. Bola tirik va oblast shifoxonasida qolmoqda», deya yozgan gubernator.
Gubernator telegram-kanalida Soloxi qishlog‘ida olingan suratlarni joylashtirgan.
Gubernator zarba oqibatlari aks etgan suratlarni e’lon qilgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, 17 ta xonadon va olti avtomobil shikastlangan, maktab, pochta bo‘limi va do‘kon oynalari to‘kilib tushgan. «Qishloqdagi uylar yonmayapti - aholi punktlari atrofida o‘sib turgan qamishlar yongan», deya qayd etgan Gladkov.
Ushbu qishloq Ukraina chegarasidan 20 kilometr masofada joylashgan. Endilikda qishloq aholisi xavfsiz joyga ko‘chirilgan.
Ukraina tomoni Soloxi qishlog‘i o‘qqa tutilishi bilan bog‘liq vaziyatga izoh bermadi.
Hujum oqibatlari aks etgan yana bir surat
Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov bunga Rossiya hukumatining reaksiyasi qanday bo‘lishi to‘g‘risidagi savolga javob berar ekan, «bu Ukrainaga tutash hududlar xavfsizligini mustahkamlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish zararligini ko‘rsatgan vaziyat» ekanini aytdi.
U muayyan choralar haqida rossiyalik harbiylar aytishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
Jurnalistlarning bu zarbalar Rossiya-Ukraina muzokaralariga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi to‘g‘risidagi savoliga javoban Peskov shunday degan: «Kecha biz muzokaralar haqida gaplashdik, kechadan buyon hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. Hozir ham muzokaralar yo‘nalishida maqtangulik hech narsa yo‘q».
Ukrainaga qarshi urush boshidan buyon Belgorod oblasti rasmiylari bir necha bor chegara yaqinidagi qishloqlar zarbaga uchragani haqida xabarlar bergan, ammo shu vaqtgacha qurbonlar to‘g‘risida ma’lumot bo‘lmagandi.
Regional hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 14 aprel kuni Juravlevka qishlog‘ida oksolka parchasida bir kishi yaralangandi, 19 aprel kuni Golovchino qishlog‘i o‘qqa tutilishi oqibatida uch kishi tan jarohati olgan, 25 aprelda Juravlevka va Nexoteyevka qishloqlariga yo‘llangan zarbalar oqibatida ikki kishi yaralangan, 26 aprel va 5 may kunlari ham ushbu qishloqlar o‘qqa tutilgan, ammo yaralanganlar bo‘lmagan.
«Interfaks» hudud rasmiylariga asoslanib yozishicha, 24 fevraldan buyon Belgorod oblastiga hujumlar oqibatida jami 200 dan ortiq turar joylar shikastlangan.
Suratlarga ko‘ra qishloqda jiddiy vayrongarchiliklar kuzatilmagan.
1 aprel kuni Belgorod shahrining o‘zida neft bazasida portlashlar va yong‘inlar ro‘y berdi. Hududga ikkita jangovar vertolyot orqali zarba berilgan. RF Mudofaa vazirligi bu hujumda Ukrainani aybladi, Ukraina hukumati esa bu hujum yuzasidan rasmiy izoh bermagan.
Bryanskda ham, Ukraina chegarasidan taxminan 110 kilometr ichkarida joylashgan neft bazasi yonib ketdi, ammo rasmiylar buni harbiy harakatlar bilan bog‘lamagan. Boshqa regionlarda Ukrainaga bosqin bilan aloqador yo‘qotishlar qayd etilmagan.
Ukrainaning o‘zida, BMTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra tinch aholi vakillaridan 3 496 kishi halok bo‘lgan, 3 760 kishi yaralangan. 11 may kuni tashkilot bu yakuniy ma’lumotlar emasligi, haqiqiy raqamlar bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, qayd etilgan qurbonlarning 238 nafari bolalar.
Shu kunlarda Zaporoje oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Starux Kamishevexa qishlog‘i «shafqatsizlarcha bombardimon qilingani» haqida xabar qildi, u hujum oqibatlari aks etgan fotosuratlarni ham e’lon qilgan. Uning tasdiqlashicha, «o‘nlab raketalar» uchib kelishi oqibatida o‘nlab binolar shikastlangan, bir kishi halok bo‘lgan, bir necha kishi yaralangan.
Zaporoje oblasti harbiy ma’muriyati rahbari telegram-kanalidagi surat
T.ME/STARUKHOFFICIAL
Lozovoy shahri meri Sergey Zelenskiyga ko‘ra, Xarkov oblastida omborxonaga berilgan raketa zarbasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlari saqlanadigan ombor bo‘lgan.
Dnepropetrovsk oblastidagi Krivoy Rog harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Vilkul ham tinch aholi orasidagi bir qurbon haqida xabar bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, baravar o‘t ochish reaktiv tizimi orqali Zelenodolsk bo‘ylab zarba berilgan. Rossiya mudofaa vazirligi bu xabar yuzasidan munosabat bildirmagan.
Ukraina qurolli kuchlari Xarkov yo‘nalishida Rossiya chegarasi tomon yaqinlashmoqda, Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovichning xabar qilishicha, ayrim joylarda chegaraga yetib kelingan. Rossiya tomoni bu xabarga izoh bermagan. O‘qqa uchragan Soloxi qishlog‘i aynan Xarkov oblasti bilan chegaradosh hisoblanadi.
Belgorod meriyasi payshanba kuni tongda «Voyna s feykami. Belgorod» telegram-kanali orqali Ukraina armiyasi chegaradagi Sereda qishlog‘ini egallagani haqidagi xabar asosga ega emasligini ma’lum qilgandi.
Aprel oyida Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh hududlarida terrorchilik xavfining «sariq» darajasi joriy etilgandi. Shu kunlarda Belgorod va Kursk oblastlarida bu rejim 25 mayga qadar uzaytirildi.
Qoidaga ko‘ra, terrorchilik harakati sodir etilishining real ehtimoli to‘g‘risida tasdiqlangan ma’lumotlar mavjud bo‘lgan holda xavfning «sariq» darajasi, terakt sodir etilgan yoki «tez orada sodir etilishi» kutilayotgan holda «qizil» darajasi e’lon qilinadi. Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi