00:28 / 16.05.2022
2 627

Ukraina Xarkov uchun jangda g‘olib kelgani aytilmoqda. Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Ukraina Xarkov uchun jangda g‘olib kelgani aytilmoqda. Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Foto: BBCRussian
Xarkov meri Igor Terexov rossiyalik harbiylar Ukrainaning eng yirik ikkinchi shahri atrofidan chiqib ketayotgani haqida xabar bergan. G‘arbdagi va ukrainalik tahlilchilar Rossiya harbiylari Xarkov uchun jangni boy berishgani va endi bor e’tiborni Lugansk va Donetsk oblastlarini to‘liq egallashga qaratishini ta’kidlashmoqda.

So‘nggi ikki hafta mobaynida ukrain qurolli kuchlari Xarkov oblastida ko‘plab aholi punktlarini ozod etishdi va ayrim rayonlarda Ukraina chegarasigacha chiqishdi. Rossiya harbiylari urush boshidan buyon Xarkov shahri hududiga kirishmagan, ammo yaqin masofadan turib uni barcha turdagi og‘ir qurollardan o‘qqa tutib kelayotgandi.

Rossiyaning raketa zarbalari oqibatida Xarkov bosh maydonidagi oblast ma’muriyati binosi, shuningdek, Ukraina IIV hamda Ukraina Davlat xavfsizligi xizmati binolari vayron qilingan. Artilleriya zarbalaridan ayniqsa shahar shimolidagi Shimoliy Saltovka rayoni eng ko‘p jabr ko‘rgan - bu yerda ko‘plab turar joy binolari xarobaga aylangan, aholi evakuatsiya qilingan.

Terexovning so‘zlariga ko‘ra, endilikda muvaffaqiyatli qarshi hujumlardan keyin Xarkov shahri besh kundan buyon o‘qqa tutilmagan. Bu vaqt mobaynida rossiyalik harbiylar faqat bir marta Xarkov aeroporti hududi tomon raketa uchirishgan, ammo ukrainlarning havo hujumidan mudofaa tizimi uni urib tushirgan.

«Rossiyaliklar muntazam ravishda Xarkovni o‘qqa tutishdi, chunki ular shaharga juda yaqin joylashgandi. Hududiy mudofaa kuchlari va Ukraina qurolli kuchlarining sa’y-harakatlari evaziga ular Rossiya chegarasi tomon chekinishdi. Hozirda Xarkovda tinchlik hukm surmoqda, odamlar shaharga qayta boshlagan», degan Terexov BBC bilan suhbatda.

Terexov shahar o‘qqa tutilishi vaqtida tramvay parkining yarmidan ortig‘i va elektr uzatish liniyalarining 35 km qismi vayron bo‘lgani, shu tufayli ma’lum vaqt davomida jamoat transporti cheklovlar bilan ishlab turishini ma’lum qilgan. Hozircha metro faoliyati tiklanmaydi.

Xarkov oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov shanba kuni Xarkov o‘qqa tutilmayotganini tasdiqladi, ammo regionning boshqa shaharlari, jumladan Chuguyev, Lozovaya, Dergachi va Zolochevga zarbalar yo‘llanmoqda. U odamlarni hozircha shaharga qaytmaslikka chaqirgan.

«Bu shuni ko‘rsatadiki, bo‘shashishga hali erta. Bizning qurolli kuchlarimiz dushmanni siqib chiqarmoqda va aholi o‘z uylariga qaytishni boshlamoqda. Bu hali ham juda xavfli! Rasman e’lon qilinmaguncha qaytmaslikni so‘rayman», degan Sinegubov. Uning so‘zlariga ko‘ra, «chekinayotgan dushman mutlaqo hamma joyni, hovlilarni, o‘rmonzorlarni, yo‘llar bo‘ylarini va hatto bolalar bog‘chasidagi karavotlarni ham minalashtirgan». «Hozirda sinchkovlik bilan minalarni zararsizlantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda», deya qo‘shimcha qilgan u.

Xarkov uchun jang
Amerikadagi Urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) 13 may kuni e’lon qilingan tadqiqotida rossiyalik harbiylar katta ehtimol bilan Xarkov atrofidagi o‘z pozitsiyalarini topshirishga qaror qilgani haqida xulosa bergan.

Buning sababi - ukrain armiyasining muvaffaqiyatli qarshi hujumi va rossiyaliklarning bo‘linmalariga qo‘shimcha yordam jo‘natish bilan bog‘liq muammolar. «Shu tariqa, Ukraina, aftidan Xarkov uchun jangda yutib chiqdi. Ukraina kuchlari rossiyalik harbiylarga shaharni egallash tugul, uni qurshab olishga imkon bermadi, keyin esa ularni shahar atrofidan haydab chiqardi, rossiyaliklar Kiyevni egallamoqchi bo‘lganida ham shunday holat kuzatilgandi», deyiladi tadqiqotda.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi so‘nggi hisobotida «Xarkov yo‘nalishida okkupantlar asosiy e’tiborni egallangan pozitsiyalarni tutib turishga, Xarkov shahri shimoli va sharqidagi avtomobil yo‘llari bo‘ylab ta’minot marshrutlarini nazorat qilishga, shuningdek ukrain harbiylarining chegara tomon harakatlanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratayotgani» aytilgandi.

Rossiya armiyasi Xarkov oblastida bir necha muhim aholi punktlarini saqlab qolgan, bu joylar orqali Donbassda yurish qilayotgan qo‘shinlar ta’minoti uchun foydalanilayotgan temiryo‘llar o‘tgan. Xarkovdan janubdagi Izyum shahri rossiyaliklarning Donbassga yurishlarini tashkil etishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda (urushning dastlabki bosqichida shahar qamal qilingan vaqtda uning ko‘p qismi vayron bo‘lgan), chegaraga yaqin joylashgan Volchansk va Kupyansk ham shular jumlasidan.

Izyum yaqinida qarshi hujum
Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich shanba kuni «Feygin-Live» YouTube-kanali efirida ukrain kuchlari «Izyum yo‘nalishida kichik qarshi hujum»ga o‘tganini xabar qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Donbassdagi yirik «hujum» boshlanganidan buyon ilk marta rossiyalik harbiylarni asosiy yo‘nalishda to‘xtatib, muvaffaqiyatli qarshi hujumni amalga oshirgan. «Bu esa harbiy nuqtayi nazardan ulkan burilish nuqtasini anglatadi», deya hisoblaydi Arestovich.

Shanba kuni Sinegubov ham Izyum yo‘nalishidagi qarshi hujum haqida gapirgandi, uning so‘zlariga ko‘ra, bu hududda «dushman bir necha yo‘nalishda chekinmoqda».

Rossiya mudofaa vazirligi so‘nggi hisobotida Xarkov atrofidagi harbiy vaziyat haqida to‘xtalmagan.

«Bu Ukraina qurolli kuchlari uchun yengil sayr bo‘lgani yo‘q. Hududdagi dalalar va daraxtzorlarning tit-piti chiqib ketgan. Shaharlar voronkalar (bomba portlagan joyda hosil bo‘lgan chuqur) va yonib ketgan daraxtlar qoldiqlari bilan to‘la. Deyarli har bir qishloqda dushmanning yakson etilgan tanklari va harbiy mashinalari - bizning shikastlangan texnikalarimiz», deya qayd etadi Ukraina armiyasining Xarkov mudofaasi va oblastdagi aholi punktlarini qaytarishdagi muvaffaqiyatlarini tahlil qilgan harbiy ekspert Kirill Danilchenko.

Xarkovdan shimoldagi Saltovka shaharchasi
Voqealarning keyingi rivoji qanday bo‘ladi?
Sinegubovning fikricha, rossiyaliklar armiyasi Xarkov shahri va oblastni egallash rejasidan voz kechmaydi. Ammo, uning yozishicha, endilikda ukrain harbiylari vaziyat yomonlashgan taqdirda nima qilish kerakligini bilishadi.

Amerikadagi Urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) ekspertlari fikricha, ukrain kuchlari, katta ehtimol bilan Belgorod va Izyum atrofida joylashgan rus qo‘shinlari o‘rtasidagi ta’minot marshrutlaridan birini kesib qo‘yishga harakat qiladi.

Ammo Rossiyada bunday ta’minot liniyalari ko‘p, ularning ba’zilari ukrainlarning pozitsiyalaridan ancha uzoqdan o‘tadi. Shu tufayli, ISW ekspertlari qayd etishicha, eng g‘arbiy marshrut to‘sib qo‘yilsa ham, Ukraina armiyasi boshqa liniyalarga yaqin vaqtlar ichida yetib borishi ehtimoli juda kam.

RF armiyasining asosiy sa’y-harakatlari avvalgidek Severodonetsk (Lugansk oblastining Ukraina nazoratidagi qismi ma’muriy markazi) va unga yaqin joylashgan Lisichanskni shimol va janubdan o‘rab olishga qaratiladi.

Ammo shimoldan harakatlanayotgan rus qo‘shinlari Shimoliy Don daryosini kechib o‘tolmadi va katta yo‘qotishlarga uchradi. «Rossiyaliklar bu yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirish, keng ko‘lamli hujumni davom ettirish hamda Severodonetsk va Lisichanskni qurshovga olish uchun yetarlicha yangi jangovar kuchlarga ega bo‘lmasligi mumkin. Garchi ular buni qilishga urinib ko‘rsa ham», deya xulosa qiladi amerikalik tahlilchilar.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina Xarkov uchun jangda g‘olib kelgani aytilmoqda. Buyog‘iga nima bo‘ladi?