18:08 / 24.05.2022
967

Moldova sobiq prezidenti Dodon vatanga xiyonat qilishda gumonlanmoqda

Moldova sobiq prezidenti Dodon vatanga xiyonat qilishda gumonlanmoqda
Foto: «TASS»
Moldova Aksilkorrupsiya prokuraturasi hamda Axborot va xavfsizlik xizmati xodimlari sobiq prezident Igor Dodonning uyida tintuv o‘tkazdi, deb yozadi «RBK» Bosh prokuratura matbuot kotibi Mariana Kerpekka tayanib.

Bu Dodon, prokurorlar talqiniga ko‘ra, Demokratik partiya sobiq rahbari biznesmen Vladimir Plaxotnyukdan olgan pora haqidagi ish bilan bog‘liq. ZDG.md aniqlik kiritishicha, sobiq davlat rahbari jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha gumon qilinmoqda, bular — 337 (vatanga xiyonat), 343 (passiv poraxo‘rlik) va 330.2 (noqonuniy boyish)-moddalar.

Kerpekning so‘zlariga ko‘ra, tintuvlar boshqa joylarda ham, shu jumladan, «vositachilarga tegishli ko‘chmas mulk ob’ektlarida» olib borilmoqda.

18 may kuni Moldovada mamlakat sobiq prezidenti va Sotsialistik partiyaning sobiq rahbari Igor Dodonga nisbatan uning Moldova Demokratik partiyasi sobiq rahbari Vladimir Plaxotnyuk bilan uchrashuvi aks etgan videotasvir ortidan jinoiy ish ochilgan edi.

Ushbu video Moldova parlamentining sobiq deputati Yuri Renita tomonidan 2020 yilda e’lon qilingan. Unda Plaxotnyuk va o‘rinbosari Sergey Yaralov Dodonga paket topshiradi. Renitaning ta’kidlashicha, uchrashuv 2019 yilda bo‘lib o‘tgan, paketda katta miqdordagi pul bor bo‘lgan.

Videoda Dodon va Plaxotnyuk parlamentda konstitutsiyaviy ko‘pchilikka ega bo‘ladigan koalitsiya tuzishni muhokama qiladi. TV-8 kanali ta’kidlashicha, Dodon «doimiy ravishda Vladimir Putinga qaydlar yozib turishini» aytgan, ammo ularning mazmuniga oydinlik kiritmagan.

2020 yil iyun oyida Moldovaning Korrupsiyaga qarshi prokuraturasi «jinoyat belgilarini» ko‘rmagani sabab Dodonga qarshi ish qo‘zg‘atishdan bosh tortgan edi. Idoraning tushuntirishicha, tekshiruv paketning ichida nima bo‘lganini aniqlay olmagan, qaror esa qonuniy yo‘l bilan to‘plangan dalillarga asoslangan.

Dodon Plaxotnyukdan pul olganini rad etib, jinoiy ish qo‘zg‘atilishini uning «mamlakatdan qochib ketishi»ga erishish istagi va «hamma narsa izdan chiqqan bir paytda» Moldovadagi muammolardan e’tiborni chalg‘itishga urinish bilan izohladi.

2021 yil dekabrida sobiq prezident 2008 yilda Moldovani elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan Energocom ishtirokidagi sxema hamda Iqtisodiyot vazirligi (o‘sha vaqtda unga Dodon rahbarlik qilgan) yordamida 12 million dollar miqdoridagi o‘g‘irliklar haqidagi ish bo‘yicha gumonlanuvchi deb topilgan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Moldova sobiq prezidenti Dodon vatanga xiyonat qilishda gumonlanmoqda