18:00 / 03.06.2022
1 474

Rossiya, Turkiya va Ukraina BMT ko‘magida Ukraina portlaridagi donni olib chiqish rejasini tuzdi

Rossiya, Turkiya va Ukraina BMT ko‘magida Ukraina portlaridagi donni olib chiqish rejasini tuzdi
Foto: «RIA Novosti»
Rossiya, Ukraina va Turkiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida 20 million tonnaga yaqin don va kungaboqar urug‘ini Ukraina portlaridan chiqarish hamda xalqaro bozorga yetkazib berish imkonini beruvchi «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqdi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar berdi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, uch davlat va xalqaro tashkilot vakillari yaqin kunlarda bo‘ladigan uchrashuvda reja tafsilotlarini muhokama qiladi. Unda don ortilgan kemalarning yo‘nalishi, sug‘urtasi va xavfsizligi, jumladan, Qora dengizdagi portlarni tozalash masalalari muhokama qilinadi.

Diplomatik manbalarning Anadolu’ga aytishicha, Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy «don yo‘lagi» yaratish bo‘yicha hamkorlikni ijobiy baholashmoqda.

May oyi oxirida Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li Ukraina g‘allasi eksportini muhokama qilish uchun BMTning to‘rt tomonlama aloqa guruhini tuzish taklifi haqida gapirgandi. Don ta’minotini qayta tiklash yo‘lidagi asosiy to‘siqlar sifatida vazir Odessa viloyati qirg‘oqlaridagi minalarni hamda Rossiya kemalarini sug‘urtalash va xorijiy portlarda ularga xizmat ko‘rsatishni taqiqlovchi sanksiyalarni sanab o‘tgan.

Rossiya va Ukraina don yetkazib berish bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlar qatoriga kiradi. Urush boshlanganidan so‘ng, dunyo rahbarlari oziq-ovqat inqirozi yuzaga kelishi mumkinligidan xavotirga tushdi. BMT may oyi boshida Ukraina portlarida 4,5 million tonnaga yaqin g‘alla to‘planganini, uni o‘tkazib yuborishning iloji yo‘qligini ma’lum qilgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya, Turkiya va Ukraina BMT ko‘magida Ukraina portlaridagi donni olib chiqish rejasini tuzdi