Foto: SERGEI SREDA/TELEGRAM
Shu kunlarda Ukrainaga qarshi urushni yoritish bilan shug‘ullanuvchi rossiyalik blogerlar ukrain harbiylari «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasining Luhansk oblasti Popasnaya shahridagi bazasiga Amerikaning HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi orqali zarba yo‘llaganini xabar qilishdi. Ukraina tomoni ham bu versiyani rad etib chiqmayotgan bo‘lsa-da, ekspertlarda bu «vagnerchilar»ning o‘zi tomonidan sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkinligi borasida shubhalar tug‘ilgan.
Bu ma’lumot Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo‘llab-quvvatlovchi va harbiy harakatlarni faol yoritib kelayotgan harbiy muxbirlar - blogerlar tomonidan tarqatildi. Qisqacha aytilsa, ularning talqini shunday: bir hafta muqaddam bloger Sergey Sreda bazadan fotosurat e’lon qilgan, keyin uni o‘chirib yuborgan. Fotoda u va harbiy formadagi, niqob taqqan to‘rt erkak ko‘p qavatli uy fonida turganini ko‘rish mumkin, kadr burchagida - tablichka: Mironovskaya ko‘chasi, 12.
«Popasnayaga keldim, «Vagner» shtabida to‘xtadim. Qadrdonlardek kutib olishdi. Bir qancha qiziq voqealarni aytib berishdi», deya yozgan 8 avgust kuni «voyenkor» Sreda. 14 avgust kuni esa yana bir «voyenkor» Yuriy Kotenok shunday yozadi: «Popasnayada «Vagner»ning bazalaridan biriga zarba yo‘llandi. Donbassdagi manbalar tasdiqladi. Katta ehtimol bilan, bu «Haymers». Ukraina resurslari Prigojinning o‘limi haqida xabar tarqatmoqda - bu tasdiqlanmadi».
OAV biznesmen Yevgeniy Prigojinni yollanma harbiylari Suriya va Afrika mamlakatlaridagi janglarda qatnashib kelgan, bu yildan esa Ukrainadagi harbiy harakatlarga jalb etilgan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi bilan bog‘laydi. Prigojin bu xususiy harbiy kompaniyaga aloqadorligini rad etadi va shu haqda yozgan jurnalistlar bilan sudlashadi. Avgust oyida «Mediazona» nashri Prigojin shaxsan koloniyalardagi mahbuslarni Ukrainadagi urushga targ‘ib qilayotgani va ular bilan shartnoma tuzayotganini xabar qildi. Jurnalistlar uning Donbassda olingan suratini namoyish etishgan.
Ukraina nashrlari 14 avgust kuni Ukraina qurolli kuchlari harbiy muxbirning posti tufayli «Vagner»ning bazasi yakson qilingani va bu hujumda Prigojin ham jabrlangani haqidagi xabar tarqatdi. Rossiyaparast telegram-kanal bo‘lmish Reverse side of the medal kanali esa zarbadan shikastlangan turar joy binosi suratini joylashtirib, yaradorlar borligini istisno etmagandi: «Popasnayada yigitlarni olib chiqyapmiz».
Tongda Luhansk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gayday ham «Ukraina qurolli kuchlari yana bir bor dushman shtabi bo‘yicha muvaffaqiyatli ish olib borgani», bu zarbani «Rossiya OAVi vakillaridan biri» yo‘naltirgani, zarba natijasida «Vagner»ning Popasnayadagi shtabi yakson etilgani, «qurbonlar soni aniqlashtirilayotgani» to‘g‘risida aytdi. Ukraina nashrlari esa shtab joylashgani taxmin qilingan hududdagi yirik vayrongarchiliklar aks etgan suratlarni nashr qildi.
Shu bilan birga, Conflict Intelligence Team surishtiruv guruhi asoschisi Ruslan Leviyev ukrainalik harbiylarni tuzoqqa tushirish maqsadida «vagnerchilar» bu zarbani o‘zlari uyushtirgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. «Prigojin trollingni yoqtirishi va doim bunga istalgancha pul sarflashga tayyorligini hisobga olsak, menda baribir haqiqatan nima sodir bo‘lgani borasida ayrim shubhalar bor», deya yozgan ekspert tvitterdagi sahifasida.
Leviyev rossiyalik harbiy korrespondentlar «raketa zarbasi» xavfini oshirishi tufayli harbiy ob’ektlarni tasvirga olish taqiqlangani haqida yaxshi xabardor ekanini eslatgan: «U yerda esa shtab atrofida, tag‘in Prigojinga o‘xshash odam bilan (ayrim nashrlar Sreda e’lon qilgan suratdagi harbiy libosli kishilardan biri u ekani haqida yozgan) suratga tushilgan».
Leviyev «vagnerchilar» ukrainlarni amerikaliklarning HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimini yaqinroq keltirib, ishlatishga undash va unga javob zarbasi yo‘llab, mukofot olishni ko‘zlagani haqidagi nazariyani ilgari suradi. «Ajoyib, Sreda, buyoqqa kel, manzil yozilgan tablichka oldida suratga tushamiz, ularni chaqiramiz va javob zarbasi beramiz», deya «Vagner»ning ehtimoliy mantig‘ini tasvirlaydi u.
BBC Rus xizmati korrespondenti Ilya Barabanov «Vagner» nimalarga qodirligi to‘g‘risida:
«Zarba haqida xususiy harbiy kompaniyaga aloqador telegram-kanallar xabar berdi, ularning ehtimoliy shtabi fotosurati bir necha kun oldin Prigojin bilan bog‘liq bo‘lgan tuzilmada ishlovchi korrespondent tomonidan e’lon qilingandi.
Shu medianing o‘zi otishma chog‘ida uning o‘zi ham jabrlangan bo‘lishi mumkinligini xabar qildi. Avvaliga ular uning taqdiridan xavotir bildirishdi, keyin esa uning o‘limi haqidagi xabarlar rad etib chiqildi.
Bu Prigojin birinchi bor «o‘lishi» emas - 2019 yilda u bilan bog‘liq nashr u Afrika mamlakatlaridan birida vertolyotda halokatga uchragan bo‘lishi mumkinligini xabar qilgandi. Ko‘p o‘tmay biznesmen bilan barchasi joyida ekani ma’lum bo‘ldi.
Prigojinga hozir ukrainlar uning shtabini Amerikaning mashhur HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan o‘qqa tutgani to‘g‘risidagi xabar nega kerakligi - tushunarli. Shu kunlarda Prigojinga aloqador «Patriot» mediaguruhining uch xodimi firibgarlikda ayblanib, qo‘lga olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, ular o‘zlarining anonim kanallarida mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin va Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovni faol tanqid qilish bilan shug‘ullanishgan. Prigojinning matbuot kotibi darhol ulardan voz kechdi: «Xavfsizlik kuchlari hushyorlik ko‘rsatdi va virusni aniqladi».
Shu bilan bir vaqtda kuchishlatar tuzilmalarga aloqador telegram-kanallar yaqin vaqtlar ichida Prigojinda muammolar paydo bo‘lishi mumkinligiga ishora qila boshladi. HIMARS orqali Popasnayadagi «shtabga zarba berilgani» haqidagi fotolar - Kremldagi rahbarlarga «Vagner» va Prigojinni saqlab qolish qanchalik muhimligini eslatishdan boshqa narsa emas». Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi