11:44 / 31.08.2022
1 273

«Gazprom» Fransiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatyapti

«Gazprom» Fransiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatyapti
Foto: Reuters
Fransiyaning Engie kompaniyasi iyul oyidagi ta’minot uchun mablag‘ni to‘liq to‘lamagan, deya ta’kidlaydi «Gazprom». Shu bilan birga, Fransiya energetika vaziri Rossiya gazdan qurol sifatida foydalanayotganini aytdi.

Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi 1 sentabrdan Fransiyaning Engie energetika konserniga tabiiy gaz yetkazib berishni to‘xtatadi. 30 avgust, seshanba kuni kechqurun «Gazprom eksport» MCHJ amaldagi shartnomalar bo‘yicha iyul oyida fransuz tomoniga yetkazib berilgan xomashyo uchun to‘liq to‘lovlarni olmagan, deya tushuntirdi Rossiya kompaniyasi. «Gazprom»ning qarori «yetkazib berilgan gaz uchun mablag‘lar to‘liq olinmaguncha» kuchda qoladi, deb ta’kidladi Rossiya tomoni.

Ayni paytda Fransiya rasmiylari Rossiyadan gaz yetkazib berish kamayganini keskin tanqid qildi. Rossiya gazdan qurol sifatida foydalanayotgani aniq, dedi Fransiya energetika vaziri Anes Pane-Ryunashe 30 avgust kuni Inter Radio radiosiga. Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya eng yomon ssenariyga — qishgacha Rossiya gazini yetkazib berishni to‘liq to‘xtatishga tayyorlanmoqda. Avvalroq, o‘sha kuni Engie vakillari «Gazprom»ning «shartnomalar bo‘yicha kelishmovchiliklar» tufayli gaz ta’minotini qisqartirishi kutilayotganini aytgandi.

Energetika vazirligi rahbari Fransiyadagi gaz omborlari 90 foizdan ortiq to‘lganini, mamlakatdagi gaz zaxiralari esa «oddiy» qishdan omon chiqish uchun yetarli ekanligini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat uchun odatiy bo‘lmagan sovuq ob-havo sharoitida elektr energiyasi va gaz iste’molini kamaytirish kerak. Fransiya bosh vaziri Elizabet Borne dushanba kuni kompaniyalarni oktabrgacha energiyani tejash rejalarini tayyorlashga chaqirib, tanqislik yuzaga kelganda birinchi bo‘lib sanoat korxonalari zarar ko‘rishini ta’kidladi, chunki rasmiylarning gaz va elektr energiyasini taqsimlashdan boshqa chorasi qolmaydi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli harbiy agressiyasi boshlanganidan beri Fransiyaning Engie kompaniyasiga Rossiya gazi yetkazib berish keskin kamaydi. Bir kun avval kompaniya Jazoirning Sonatrach shirkati bilan Fransiyaga energiya tashuvchilar yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilgani haqidagi xabarlarni tasdiqladi. Urushdan oldin Fransiya mamlakatda iste’mol qilinadigan tabiiy gazning qariyb 17 foizini Rossiyadan sotib olgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Gazprom» Fransiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatyapti