Rossiyada benzin tanqisligi: amaldorlarga alohida navbat...

Rossiyaning kamida to‘rtta hududida ayrim yoqilg‘i quyish shoxobchalari davlat xizmatchilari avtomobillariga ustuvor tartibda benzin berayotgani xabar qilindi.
Mahalliy nashrlar ma’lumotiga ko‘ra, oddiy haydovchilar yoqilg‘i topish uchun uzoq navbatlarda turgan bir paytda, amaldorlar va davlat tashkilotlari mashinalariga benzin alohida tartibda quyib berilmoqda.
Saratovda zapravka faqat davlat xizmatchilariga ishlamoqda
«7×7» nashrining yozishicha, benzin sotuviga joriy etilgan cheklovlar 15 iyulgacha uzaytirilgan Saratovda «Rosneft»ga qarashli zapravkalardan biri asosan davlat xizmatchilari avtomobillariga xizmat ko‘rsatmoqda.
Mahalliy «Vzglyad-info» nashri bu imtiyoz faqat tez yordam, politsiya yoki boshqa favqulodda xizmatlar mashinalari bilan cheklanmayotganini qayd etgan.
Haydovchilardan biri shunday degan:
«Ko‘z o‘ngimizda rayon ma’muriyati xodimi, MFTS va “Rossiya pochtasi” mashinalari yonilg‘i quydi. Yana bir mijoz parol sifatida “Hukumat” so‘zini aytdi».
Jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, ushbu shoxobchada xaridorlardan tasdiqlovchi hujjat so‘ralmayapti. Biroq umumiy cheklov saqlanib qolgan — bir avtomobilga kuniga 30 litrdan ortiq benzin berilmaydi.
Krasnodarda guvohnoma ko‘rsatganlarga benzin berilgan
Krasnodar shahar dumasi deputati Aleksandr Safronov Telegram kanalida kuzatuvchilaridan biri olgan videoni joylashtirgan.
Unda «Rosneft» shoxobchalaridan birida benzin faqat tegishli guvohnoma taqdim etgan davlat xizmatchilariga sotilayotgani ko‘ringani aytilmoqda.
Oddiy haydovchilar «benzin yo‘q» degan javob olmoqda
YEAN nashri o‘quvchilari Chelyabinsk — Yekaterinburg trassasida ham shunga o‘xshash vaziyat kuzatilganini bildirgan.
Ularning aytishicha, «Rosneft» zapravkasida oddiy xaridorlar «benzin yo‘q» degan vaj bilan qaytarib yuborilgan, davlat xizmatchilariga esa yoqilg‘i quyib berilgan.
Volgogradda faqat yoqilg‘i kartasi bilan
Volgograddagi «Gazprom» shoxobchalaridan birida ham mahalliy aholiga benzin erkin sotilmayotgani xabar qilindi.
Yoqilg‘ini faqat maxsus kartaga ega mijozlar xarid qilishi mumkin. Bunday kartalar barcha uchun chiqarilgan bo‘lsa-da, manbaga ko‘ra, amalda ulardan asosan favqulodda xizmatlar va mahalliy ma’muriyat vakillari foydalanmoqda.
Rossiyada yoqilg‘i muammosi davom etmoqda
Ukraina dronlarining neft obyektlariga hujumlari ko‘payishi ortidan Rossiyaning ko‘plab hududlarida benzin sotuviga cheklovlar joriy qilingani aytilmoqda.
Ayrim joylarda haydovchilar avtomobilga yoqilg‘i quyish uchun soatlab navbatda turishga majbur bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, Rossiya hukumati mamlakatdagi yoqilg‘i taqchilligini jiddiy muammo sifatida baholamayapti. RF bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak ichki bozor benzin bilan ta’minlanganini ma’lum qilgan.































Izohlar 0
…