1 948
Ukraina urushda burilish yasadi, Rossiya qo‘shini esa katta yo‘qotishlarga uchrab, chekindi

Aziz Karimov/Keystone Press Agency/Global Look Press
Ukraina qo‘shinlari urushning borishini butunlay o‘z foydasiga o‘zgartirdi va avvaliga Xerson yo‘nalishida chalg‘ituvchi manyovrlar amalga oshirib, keyin bir haftadan kamroq vaqt ichida Xarkiv oblastining katta qismini qaytarib oldi. Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti (ISW) hisobotida aytilishicha, tezkor qarshi hujumga dosh bera olmagan Rossiya armiyasi va ittifoqchi kuchlar katta yo‘qotishlarga uchragan. Bu muvaffaqiyatga jumladan G‘arbdan yetkazib berilgan qurol-yarog‘lardan maksimal darajada foydalanish evaziga erishilgan.
Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabiga ko‘ra, ukrain qo‘shini dushmanning frontorti qismiga 70 kilometrga ichkarilagan va besh kun ichida uch ming kvadrat kilometrdan ortiq hududni ozod etgan. Bu esa Rossiya qo‘shini aprel oyidan buyon egallagan hududlardan ko‘proqdir. Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning ma’lum qilishicha, Balakliya, Volchansk, Kupyansk, Izyum va yana 40 ga yaqin aholi punktlari Ukraina nazorati ostiga qaytarildi.

So‘nggi kunlarda qaytarib olingan hududlar siyohrang bilan belgilangan
Rossiyaliklar qurshovga tushmaslik uchun shoshilinch chekinmoqda va ko‘plab tanklar hamda boshqa texnikalar, shuningdek tonnalab o‘q-dorilarni qoldirib ketmoqda. Harbiy ekspertlar qayd etishicha, RF qurolli kuchlarida shaxsiy tarkib yetishmovchiligi bilan muammo jiddiylashgan. Xarkiv oblastida mudofaa yorib o‘tilgan nuqtalar Donetsk va Luhansk oblastlaridan safarbar qilingan kuchlar tomonidan mudofaa qilinishi kerak edi, ammo ular yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagan va yaxshi qurollanmagandi, ularning jang qilish ishtiyoqi ham yetarli darajada bo‘lmagan.
Xarkiv oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari Vitaliy Ganchevning so‘zlariga ko‘ra, qarshi hujumga o‘tgan ukrain kuchlari son jihatdan Rossiya kuchlaridan sakkiz barobar ustun bo‘lgan.
Ukraina qurolli kuchlari Xarkiv va Xerson oblastlarida Rossiyaning quruqlik liniyalariga hujum qilish uchun HIMARS va G‘arbning boshqa zamonaviy tizimlarini qo‘llagan, bu esa amaliyot muvaffaqiyatli kechishiga zamin tayyorlagan. ISW mutaxassislari hisoblashicha, endilikda Rossiya zaxira kuchlar yo‘qligi tufayli Donbassga shimoldan yangi yurish boshlash uchun imkoniyatga ega emas. Xarkiv oblastida front chizig‘i Oskol daryosi bo‘ylab o‘tmoqda va bu Rossiya-Ukraina chegarasiga yaqin joylashgan.
Katta ehtimol bilan, kuzdagi jangovar harakatlar xarakterini Kiyev belgilaydi. Ammo hozirgi qarshi hujumlar urushga nuqta qo‘ya olmaydi, deya qo‘shimcha qiladi ISW ekspertlari. Ukraina shimoli-sharqidagi kampaniya baribir nihoyasiga yetadi, bu esa Rossiya qo‘shinlariga barqaror mudofaa liniyasi tashkil etish, hatto ayrim nuqtalarda qarshi hujum uyushtirish imkonini berishi mumkin. Ukraina Rossiya tomonidan egallangan hududlarini ozod etish uchun yangi qarshi hujum tayyorlashiga to‘g‘ri keladi va shu munosabat bilan urush 2023 yilgacha cho‘zilishi mumkin.
Rossiyalik propagandachilar va blogerlar RF mudofaa vazirligini frontdagi muvaffaqiyatsizlik uchun tobora ko‘proq tanqid qilmoqda. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘z telegram-kanalida frontdagi vaziyat bo‘yicha hissiyotga berildi. U agar harbiy amaliyot strategiyasi o‘zgarmasa, mamlakatning oliy rahbariyatiga chiqishini aytdi. Qodirov Balakliya, Kupyansk va Izyumni qaytarishini va’da qilgan.
«Men Mudofaa vazirligidagilar kabi strateg emasman, ammo xatolarga yo‘l qo‘yildi. Agar bugun-erta maxsus amaliyot o‘tkazish bo‘yicha strategiyaga o‘zgartirishlar kiritilmasa, men mudofaa vazirligi rahbariyatiga va mamlakat rahbariyatiga chiqishga hamda ularga yerda aslida nimalar bo‘layotganini, mavjud vaziyatni tushuntirishga majbur bo‘laman. Vaziyat juda qiziqarli, juda ajoyib vaziyat — u yerlardan chiqib ketishdi, bir qancha shahar va qishloqlarni topshirishdi va emishki buning o‘z plyuslari bor», — degan u.
RF mudofaa vazirligi 11 sentabr kuni Donbassdagi harakatlarni kuchaytirish uchun «uch kun mobaynida Izyum-Balakliya yo‘nalishidagi qo‘shinlarni DXR hududiga ko‘chirish bo‘yicha amaliyot o‘tkazilgani» haqida ma’lum qildi. Vazirlik so‘nggi hisobotlarida Rossiya qo‘shinlari chekinayotganini to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olmagan.
Rossiya nashrlari Ukrainaning qarshi hujumi fonida o‘z manbalariga tayangan holda Rossiya hukumati Ukrainaning egallab olingan hududlarida referendumlar o‘tkazish masalasini «noma’lum muddatga qoldirgani» haqida xabar berdi. Nashrlarning yozishicha, Xarkiv va Zaporijjya oblastlarida ishlagan polittexnologlar Rossiyaga qaytgan.
Buyuk Britaniya mudofaa vazirligiga ko‘ra, Rossiya armiyasining Ukrainadagi kampaniya davomidagi yo‘qotishlari soni allaqachon 25 ming kishiga yetgan (halok bo‘lganlar). Qurbonlar, yaralanganlar, asirga tushganlar yoki dezertirlik qilganlarning barchasi hisoblanganda, Rossiya qo‘shinlari yo‘qotishlari 80 mingdan oshadi. Rossiya tomoni bu ma’lumotni tasdiqlamagan va munosabat bildirmagan. Pentagon Moskva yarim yil davomida Ukrainada o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarning birortasini hal qilmaganini aytgandi.
Moskva va Kiyev urushdagi yo‘qotishlari haqida ma’lumot bermay keladi. RF mudofaa vazirligi so‘nggi bor 25 mart kuni qurbonlar haqida ma’lum qilgan. O‘shanda 1351 nafar rossiyalik harbiy o‘limi tasdiqlangandi. Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi Rossiya armiyasining tiklanmas yo‘qotishlarini qariyb 50 ming kishiga baholaydi. Ammo urushuvchi tomonlar odatda raqibning yo‘qotishlarini oshirib, o‘zinikini kamaytirib ko‘rsatadi. Iyul oyi oxirida MQB direktori Uilyam Byorns rossiyaliklarning yo‘qotishlari soni 15 ming qurbon va 45 ming yaradordan iborat ekani haqida aytgandi. Byornsning baholariga ko‘ra, Ukraina armiyasi yo‘qotishlari rossiyaliklarnikidan biroz kamroq bo‘lgan.
Rossiyadagi nashrlar iyul oyi boshida «Vagner» xususiy-harbiy kompaniyasi Ukrainadagi urush uchun Rossiya koloniyalaridagi mahbuslar va tergov izolatorlarida saqlanayotganlarni yollay boshlagani haqida xabar bergandi. Bundan tashqari, uysizlar urushga jo‘natilayotgani haqida xabarlar tarqalgan, shuningdek ruhiy kasalliklar shifoxonalari saytlarida ham ko‘ngillilarni yollash to‘g‘risidagi e’lonlar paydo bo‘lgan.
Ayni vaqtda Xerson oblastining deyarli to‘liq qismi, Zaporijjya oblastining janubi, Mikolayiv va Xarkiv oblastlarining kichik qismi Rossiya qo‘shinlari nazoratida qolmoqda. Yozda sharqda keng ko‘lamli yurishga o‘tgan Rossiya armiyasi Qrimga quruqlik orqali yo‘lak tashkil etgan. Rossiya tomoni Donetsk oblastining yarmidan kamroq qismini nazorat qilmoqda va Luhansk oblastini to‘liq egallagan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar