00:20 / 17.10.2022
3 664

Ukraina harbiy razvedkasi Igor Strelkovni asirga tushirish uchun 100 ming dollar va’da qildi

Ukraina harbiy razvedkasi Igor Strelkovni asirga tushirish uchun 100 ming dollar va’da qildi
Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi Igor Strelkov (Girkin)ni ukrain asirligiga tushirish uchun 100 ming dollar to‘lanishi kafolatlanishi haqida ma’lum qildi.

«Ma’lumki, eng taniqli rossiyalik terrorchilardan biri bizning davlatimizga qarshi urushdagi o‘z ishtirokini tiklashga qaror qilgan», — deyilgan press-relizda.

Uning rafiqasi Miroslava Reginskaya «VKontakte»da Strelkovning harbiy formadagi fotosuratini joylashtirgan.
Avvalroq bir qator rossiyalik harbiy muxbirlar va «vatanparvar» telegram-kanallar Strelkov frontga yo‘l olgani haqida ma’lum qilgandi. «Operatsiya Z: voyenkori Russkoy vesni» kanali u frontga «zamkombat» (batalon komandiri o‘rinbosari) lavozimida yo‘l olgani va «bundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda hech narsa yozmaslik majburiyatini olgani» haqida xabar qilgan.

Strelkov doimiy ravishda Ukrainadagi urushning borishiga munosabat bildirib, Rossiya rahbariyati harakatlarini tanqid qilib kelardi (xususan, u keng ko‘lamli bosqinning ilk davridayoq Rossiyada safarbarlik e’lon qilishga chaqirgan). Uning so‘nggi posti 10 oktabr kuni e’lon qilingandi.

Shuningdek Strelkov nomi Rossiyada Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirish» va u haqda feyk xabarlar tarqatish bo‘yicha tekshirilgani aytilgan rossiyaparast blogerlar qatorida tilga olingan. Bunday tekshiruv chindan ham o‘tkazilgani haqida tasdiqlangan ma’lumot yo‘q.

Igor Strelkov — FSB (FXX)ning sobiq ofitseri, 2014 yil bahorida Ukraina sharqida rossiyaparast jangovar bo‘linmalarga rahbarlik qilgan, keyinroq «DXR» mudofaa vaziri lavozimini egallagan. Strelkov o‘zini Ukrainadagi «urushni qo‘zg‘atib bergan» odam deb atagan.

Niderlandiyada Strelkovga MH17 halokati bo‘yicha ayblov qo‘yilgan; prokuratura uni umrbod qamoq jazosiga mahkum etishni so‘ragan. Ukrainada unga qarshi bir qancha jinoiy ishlar ochilgan, jumladan terrorizm va urush urf-odatlari va qonunlarini buzish bo‘yicha.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo