19:30 / 07.12.2022
1 770

Reper Kane Uest yahudiylarni Gitlerni afv etishga chaqirdi

Reper Kane Uest yahudiylarni Gitlerni afv etishga chaqirdi
Foto: Business Standart
Reper Kane Uest Amerikaning oʻta oʻng, neofashistik tashkiloti boʻlgan Proud Boys asoschisi Gevin Makinnesga bergan intervyusida yahudiylarni Adolf Gitlerni kechirishga chaqirdi, deb yozadi Business Standart.

Saving Ye («Yeni qutqarish») deb nom olgan 45 daqiqalik intervyuda yuzini niqob bilan yopib olgan reper oʻzining «yahudiylar aksariyat OAVlarni, shuningdek, banklarni, koʻchmas mulk va savdo markazlarini nazorat qilishi» haqidagi da'volarini takrorlagan.

Reper yahudiylarni Gitlerni badnom qilishda aybladi. Gitler ularni mamlakatdan quvib chiqargani uchun ular dargʻazab boʻlgan, shu sababli ham ular Gitlerning obroʻsini toʻkkan, dedi qoʻshiqchi.

«Yahudiylar menga kimni yaxshi koʻrishim mumkinligi yoki mumkin emasligini buyura olmaydi. Oʻz ogʻrigʻini boshqalarga ham zoʻrlab oʻtkazish kerak emas. Bugun yahudiy xalqi Gitlerni kechirishi kerak», — dedi Uest.

Makinnesning oʻzi intervyu boshida «Yening antisemit yoki natsistga aylanishiga yoʻl qoʻymaslik» istagi haqida aytgandi.

Avvalroq Kane Uest Gitlerni xush koʻrishini e'tirof etgandi. U Gitlerning yaxshi tomonlarini koʻrishini aytgan.

Soʻnggi vaqtlarda reperning turli gap-soʻzlari jamoatchilik orasida shov-shuv va noroziliklarga sabab boʻlmoqda.

Xususan, u politsiyachilar qoʻlida halok boʻlgan Jorj Floydni narkotiklar qabul qilishda ayblagandi. Keyinroq esa ushbu gaplari uchun uzr soʻragan.

Oktyabr oyida qoʻshiqchi Parijdagi moda haftaligida oqtanlilar ustunligini bildiruvchi White Lives Matter («Oqtanlilar hayoti ahamiyatga ega») shiori tushirilgan futbolka kiyib kelgandi. Jamoatchilik orasidagi noroziliklar bilan birga, bu Uest uchun koʻplab mashhur brendlar bilan shartnomalarning bekor boʻlishi va ijtimoiy tarmoqlardan bloklanish bilan tugagan.

Adidas Uest bilan hamkorlikni tugatgach, kuzda Forbes artistning boyligini 400 million dollarga baholadi. Shu tariqa, u milliarderlar roʻyxatidan chiqib ketdi.

Insoniyatga qarshi koʻp sonli jinoyatlar Gitlerning nomi bilan bogʻliqdir. U Germaniya boshchiligida 1939 yilda Ikkinchi jahon urushini boshladi, uning oqibatida esa oʻn millionlab odamlar halok boʻldi. 1933 yildan 1945 yilgacha Germaniya davlatida, Uchinchi reyxga ittifoqdosh mamlakatlarda va bosib olingan hududlarda yahudiylar muntazam ta'qib etilgan va yoʻq qilingan. Xolokost natijasida turli hisob-kitoblarga koʻra, Evropa yahudiylarining qariyb 60 foizi halok boʻlgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo