20:13 / 10.12.2022
939

Ozarbayjon Ukrainaga navbatdagi gumanitar ko‘makni yo‘lladi

Ozarbayjon Ukrainaga navbatdagi gumanitar ko‘makni yo‘lladi
Ozarbayjon Ukraina tomonining so‘roviga asosan navbatdagi gumanitar ko‘makni yubordi. Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, Ukrainadagi elektr energiya ta’minotini tiklashga yordam berish maqsadida asosan elektr uskunalar yo‘llanmoqda.

45 ta transformator hamda 50 ta generatordan iborat 52,2 tonna yuk ortilgan mashinalar Qobu hududidan yo‘lga chiqqan. Umumiy qiymati 1 million 422 ming manatni tashkil etuvchi gumanitar ko‘makning qolgan qismi yaqin kunlarda navbatdagi avtokarvon orqali yetkazilishi kutilmoqda.

Transformator va generatorlar Ukrainaning urushda talafot ko‘rgan shifoxona va ijtimoiy obyektlarida energiya ta’minotini tiklashda istifoda etiladi.

Shu tariqa Boku tomonidan Ukrainada yuzaga kelgan energiya inqirozi munosabati bilan yo‘llangan umumiy gumanitar ko‘mak qiymati 30 million manatga yetdi. Bundan tashqari, so‘nggi olti oy davomida Ozarbayjonning turli tuzilmalari harbiy bosqinda jabr ko‘rgan xalqqa ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Masalan, urushda oila a’zolarini yo‘qotgan 90 nafar ukrainalik bolalar Ozarbayjonga keltirilgan va ularga tibbiy, ijtimoiy-ruhiy ko‘mak ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, Irpen shahridagi bombardimonda vayron etilgan 12-maktab butunlay qayta tiklangan.

«Trend» agentligi xabariga ko‘ra, Ukrainaning Bokudagi elchisi Vladislav Kanevskiy mushkul vaziyatga ko‘rsatayotgan ko‘magi, yetkazib berayotgan oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy va energiya uskunalari uchun Ozarbayjon ahliga minnatdorlik bildirgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ozarbayjon Ukrainaga navbatdagi gumanitar ko‘makni yo‘lladi