12:15 / 07.01.2023
340

Ukraina razvedkasi: Rossiya yana 500 ming kishini safarbar qiladi

Ukraina razvedkasi: Rossiya yana 500 ming kishini safarbar qiladi
Foto: grani
Rossiyada 15 yanvar kuni safarbarlikning yangi to‘lqini boshlanadi, uning davomida yarim million kishi chaqiriladi, deya xabar berdi Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi. Rossiya bahor va yozda hujum qilishi uchun juda ko‘p yangi askarlar talab qilinadi.

Rossiya joriy qish mavsumida yangi safarbarlik to‘lqini davrida yana 500 ming kishini armiyaga jalb qilmoqchi. Bu haqda Britaniyaning The Guardian gazetasi 6 yanvar, juma kuni Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Vadim Skibitskiyga tayanib xabar berdi.

Unga ko‘ra, safarbarlik yangi yil bayramlaridan keyin, taxminan 15 yanvardan boshlanadi. Hukumatga harbiy qismlarni shakllantirish va jihozlash uchun taxminan ikki oy kerak bo‘ladi va ularning qanchalik yaxshi qurollanganligi va tayyorgarligi ruslarning jang maydonidagi muvaffaqiyatini aniqlaydi. O‘z navbatida, Ukraina qo‘shinlarining muvaffaqiyati yangi bo‘linmalarni jihozlash uchun G‘arb o‘q-dorilari va qurol-yarog‘lari ta’minotini davom ettirishga bog‘liq bo‘ladi, dedi Skibitskiy.

Ukraina harbiy razvedkasi yangi safarbar etilganlar 2023 yilning bahor va yozida Ukraina sharqi va janubida o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan bir qator Rossiya hujum operatsiyalarida ishtirok etishini taxmin qilmoqda. «Ular Donetsk, Xarkiv viloyatlarida va ehtimol, Zaporijjyada ham hujum uyushtirib, Xerson va Qrimda o‘zlarini himoya qiladilar. Ularga topshiriqlarini bajarish uchun shuncha odam kerak bo‘ladi», - dedi Ukraina harbiy razvedkasi rahbari o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Rossiya armiyasi yaqin olti-sakkiz oy ichida ijobiy natijaga erisha olmasa, Rossiya prezidenti Vladimir Putin yakuniy tarzda muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo