16:35 / 21.01.2023
318

Prokuratura Berlindagi «Rossiya uyi»ni tekshirishni boshladi

Prokuratura Berlindagi «Rossiya uyi»ni tekshirishni boshladi
Foto: Russisches Haus / Twitter
Rossiya fan va madaniyat uyi Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini buzganlikda gumon qilinmoqda, deb ma’lum qildi Berlin prokuraturasi vakili.

Berlin prokuraturasi Germaniya poytaxtidagi Rossiya fan va madaniyat uyi (Russisches Haus der Wissenschaft und Kultur) bo‘yicha tergov boshladi. Tashkilot faoliyati tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risidagi qonunbuzilishi ehtimoli bo‘yicha tekshiriladi, deb xabar berdi dpa agentligi 20 yanvar, juma kuni idora vakili Sebastyan Byuxnerga tayanib.

Gap Yevropa Ittifoqining Ukrainaga harbiy bostirib kirishi sababli Rossiyaga qarshi joriy etgan sanksiyalari haqida bormoqda. Rossiya uyini boshqaradigan MDH, xorijda yashovchi vatandoshlar va xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha Rossiya federal agentligi (Rossotrudnichestvo) Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Avvalroq Germaniyaning LTO yuridik portali ta’kidlaganidek, «Rossiya uyi» Rossotrudnichestvo resursi sifatida Germaniyada, masalan, tadbirlarga chipta sotish yoki binolarni ijaraga berishdan daromad olish huquqiga ega emas.

Tergov boshlanishiga asos bo‘lgan ariza Bundestagning «Soyuz-90/Yashillar» partiyasidan sobiq deputati Folker Bek tomonidan taqdim etilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada har kuni odamlar o‘layotgan bir paytda, Germaniyada Kreml tashviqoti olib borilayotganini tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Rossotrudnichestvo rahbari Pavel Shevsovga tayanib, RIA «Novosti»ning ma’lum qilishicha, idora «Rossiya uyi»da prokuratura tekshiruvi haqida rasmiy bildirishnomalarni olmagan.

Berlindagi Fridrixshtrasse ko‘chasida joylashgan «Rossiya uyi» 1980-yillarda sovet ilmiy va madaniy markazi sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda u yerda madaniy tadbirlar, til o‘rganish kurslari o‘tkazilmoqda. Germaniyadagi ukrainalik faollar uzoq vaqtdan beri Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga qaramay, «Rossiya uyi» ochiqligidan norozilik bildirib kelyapti.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo