20:27 / 08.02.2023
305

Ukraina prezidenti urush boshidan buyon ilk bor Londonga bordi

Ukraina prezidenti urush boshidan buyon ilk bor Londonga bordi
Foto: RISHI SUNAK/TWITTER
Volodimir Zelenskiy chorshanba kuni Londonga uchib keldi, bu erda u Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak bilan uchrashadi hamda Britaniya parlamentida chiqish qiladi. Shuningdek Ukraina prezidenti Britaniya monarxi Charlz III qabulida boʻladi.

Britaniya Qirollik harbiy-havo kuchlari samolyoti Zelenskiyni Londondagi Stansted aeroportiga etkazdi. Sunak Zelenskiyni shaxsan chiqib aeroportda kutib oldi va tvitter sahifasida u bilan tushgan fotosuratini joylashtirdi.

Bu Zelenskiyning Rossiyaning keng koʻlamli bosqini boshlanganidan buyon ikkinchi bor xorijga safar qilishidir, avvalroq u Polsha orqali AQShga borgandi.

Rejaga koʻra, safar davomida Zelenskiy Britaniyada jangovar tayyorgarlikdan oʻtayotgan ukrainalik harbiylar bilan ham uchrashishi koʻzda tutilgan.

«Prezident Zelenskiyaning Buyuk Britaniyaga tashrifi - uning mamlakati jasorati, qat'iyati va kurashi, shuningdek mamlakatlarimiz oʻrtasidagi buzilmas doʻstlikka dalildir», degan Sunak.

Zelenskiy kelgan samolyotning qoʻnishi
Chorshanba kuni London Buyuk Britaniya ukrainalik uchuvchilar Gʻarb namunasidagi qiruvchi samolyotlarni boshqarishga oʻrgatilishi boshlanishini e'lon qildi.

Bu qaror Buyuk Britaniyaning Ukrainaga Gʻarb qiruvchi samolyotlari etkazib berish boʻyicha pozitsiyasi oʻzgarganidan darak berishi mumkin. Avvalroq Sunak bunday yordam «amaliy emasligi»ni aytib, buni Britaniya harbiy samolyotlari juda murakkabligi, ularda parvoz qilishni oʻrganish uchun bir necha oy vaqt talab etilishi mumkinligi bilan izohlagandi.

Britaniya Ukraina harbiylarini tayyorlash dasturini kengaytirib, yana 20 ming kishini jangovar harakatlarga tayyorlashni maqsad qilgan. Xabar qilishlaricha, britaniyalik harbiy mutaxassislar ukrain dengiz piyodalarini ham oʻqitadi.

Videoaloqa orqali ilk chiqish

Bosh vazir idorasiga koʻra, Sunak Kievga Rossiya Ukrainaning muhim infratuzilmalariga zarba berishining oldini olishi uchun nisbatan uzoq masofadagi nishonlarga zarba berish vositalarini taklif qilmoqchi. Aynan qanday qurollar haqida gap ketayotganiga hozircha aniqlik kiritilmagan.

Zelenskiy oʻtgan yili Britaniya parlamentiga videoaloqa orqali murojaat qilgandi. Foto: UK PARLIAMENT
Britaniya hukumati shuningdek Rossiyaga qarshi, jumladan [prezident Vladimir] Putinga «shaxsiy boyligini koʻpaytirishga yordam berayotganlar va Kreml harbiy mashinasi orqali daromad topayotgan kompaniyalar»ga qarshi sanktsiyalar e'lon qilmoqchi.

Payshanba kuni Zelenskiyni Bryusselda kutishadi, u bu erda Evroittifoq rasmiylari bilan uchrashadi.

Oʻtgan yil martida Zelenskiy videoaloqa orqali Britaniya parlamentiga murojaat qilgandi. Bu xorijiy davlat rahbari Jamoa palatasi yigʻilishlar zalida chiqish qilishi bilan bogʻliq tarixdagi ilk holat boʻlgandi.

Britaniya Ukrainaga qanday yordam koʻrsatgan?

Oʻtgan yil fevralidan buyon Buyuk Britaniya Ukrainaga 2,3 mlrd funt miqdoridagi harbiy yordam joʻnatgan va ushbu ukrainlarni qoʻllab-quvvatlash koʻlami boʻyicha AQShdan keyingi ikkinchi mamlakat hisoblanadi. Britaniya hukumati bu yildagi yordam hajmi ham shu kabi boʻlishini va'da qilgan.

Britaniya shuningdek Rossiyaga qarshi sanktsiyalar qoʻllagan va Ukrainadan 100 mingdan oshiq qochqinlarni qabul qilgan.

Quyida Buyuk Britaniya tomonidan Ukrainaga taqdim etiladigan texnikalar roʻyxati:
  • Bir qancha havo hujumidan mudofaa tizimlari, jumladan Starstreak - bu yaqin masofadagi pastlab uchuvchi havo nishonlarini yoʻq qilishga qaratilgan;
  • Challenger-2 tanklari;
  • Artilleriya tizimlari, jumladan 30 ta AS-90 rusumli oʻziyurar gaubitsalar;
  • 155 mm kalibrli yuz minglab snaryadlar;
  • M270 baravar oʻt ochish reaktiv tizimlari (amerikaliklarning HIMARS tizimining gusenitsali muqobil varianti);
  • Tankka qarshi NLAW raketa tizimlari;
  • Brimstone rusumli dengiz raketalari;
  • Zirhli texnikalar, jumladan Mastiff rusumli patrul mashinalar;
  • Ajralib qolgan kuchlarga logistik koʻmak koʻrsatishga moʻljallangan dronlar;
  • Radioelektron kurash vositalari.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo