date
views 786

Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati osmoni NUJ tufayli yopilgan

Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati osmoni NUJ tufayli yopilgan

28 fevral, seshanba kuni Leningrad viloyatidagi Sankt-Peterburg osmoni noma’lum uchar jism aniqlangani sababli vaqtincha yopildi, deb yozmoqda DW.

Sankt-Peterburgning Pulkovo aeroporti barcha reyslarni to‘xtatdi. Shaharda chegarani noqonuniy kesib o‘tishda, shuningdek, havo hududida noma’lum narsalar paydo bo‘lganda e’lon qilinadigan «Kover» rejasi joriy etildi. Qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilib, fuqarolik reyslari «kutish zonasi»ga o‘tkazildi.

Sankt-Peterburg hukumati «Pulkovo aeroportida parvozlarni 12 soatgacha kechiktirish e’lon qilingani», aeroportning o‘zi va uning xizmatlari «odatdagidek ishlayotgani» haqida xabar berdi. Avvalroq rasmiylar o‘z bayonotida Pulkovo aeroporti «samolyotlarni vaqtinchalik qabul qilmayotgani yoki jo‘natmasligini» aytgan edi. Shahar hokimiyati buning sabablarini tushuntirmadi.

«Fontanka» nashri xabariga ko‘ra, Sankt-Peterburgdan 160-200 km uzoqlikda noma’lum uchar obyekt kuzatilgan. Bu haqda Mudofaa vazirligi o‘z kanallari orqali Pulkovo xizmatiga xabar bergan. Smolniyga yaqin manba osmon noma’lum uchar jism tufayli to‘sib qo‘yilganini tasdiqladi. Qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarildi. «Fontanka» o‘quvchilari hatto markazda ham ularning tovushi eshitilganini aytishdi: «Ovozlar xuddi paraddagi kabi».

112 Telegram-kanaliga ko‘ra, ikkita qiruvchi samolyot - Su-35 va MiG-31 havoda uchib yurgan, noma’lum obyekt esa katta dronga o‘xshagan. Dastlab uni Fin ko‘rfazi tomonidan payqashdi.

Keyinroq Sankt-Peterburgda havo hududiga qo‘yilgan cheklov bekor qilingani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Flightradar xaritasiga ko‘ra, birinchi reyslar Pulkovoga qo‘na boshladi. «Kover» rejasi rasman bekor qilindi.

Baza nashrining yozishicha, Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati osmonining yopilishiga katta dron reydi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin – Belgorod va Tuapsedagi «Rosneft» neft bazasiga tunda hujum uyushtirilgan.

O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi Sankt-Peterburg havo hududining yopilishini havo hujumidan mudofaa kuchlarini tayyorlash bilan izohladi. Unga ko‘ra, «g‘arbiy havo hujumidan mudofaa uchun mas’ul zonaning navbatchi kuchlari fuqaro havo harakatini boshqarish bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazgan». «Qoidabuzarning taxminiy nishonini aniqlash, tutib olish, shuningdek, favqulodda vaziyatlar xizmatlari bilan hamkorlik qilish masalalari ishlab chiqildi. Havo hujumidan mudofaa kuchlarining navbatchilikdagi qiruvchi samolyotlari jalb qilindi», — deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati osmoni NUJ tufayli yopilgan