400 ga yaqin dron hujumi: Sankt-Peterburg yana nishonga olindi

400 ga yaqin dron hujumi: Sankt-Peterburg yana nishonga olindi

4 iyulga o‘tar kechasi Ukraina Rossiya hududlari va anneksiya qilingan Qrimga keng ko‘lamli dron hujumini amalga oshirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hujum davomida qariyb 400 ta uchuvchisiz uchish apparati qo‘llanilgan bo‘lib, asosiy zarbalardan biri Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatiga to‘g‘ri kelgan.

Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenkoning ma’lum qilishicha, hudud osmonida harakatlangan 67 ta dron havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan. U hujum oqibatlari haqida batafsil ma’lumot bermagan, biroq xavfsizlik nuqtayi nazaridan mobil internet xizmatida vaqtinchalik uzilishlar kuzatilishi mumkinligini bildirib, aholini zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslikka chaqirgan.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda Sankt-Peterburgdagi eng yirik neft infratuzilma obyektlaridan biri — Peterburg neft terminali yaqinida portlashlar sodir bo‘lgani va yoqilg‘i saqlanadigan omborlarda yong‘in yuzaga kelgani aks etgan videolar tarqalmoqda. Hozircha ushbu tasvirlar yuzasidan rasmiy izoh berilmagan.

Mazkur neft terminali Sankt-Peterburg porti yaqinida joylashgan bo‘lib, temiryo‘l, quvur va dengiz transporti orqali neft hamda neft mahsulotlarini tashishda muhim logistika markazlaridan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu obyekt avval ham hujumga uchragan edi. Xususan, 3 iyun kuni, Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi ochilgan kunda terminal hududida yirik yong‘in sodir bo‘lgandi. Shu bois navbatdagi hujum Rossiyaning muhim energetika infratuzilmasi xavfsizligi borasidagi muhokamalarni yana kun tartibiga olib chiqdi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar