2035 yilga kelib dunyo aholisining yarmidan ko‘pi ortiqcha vazn yoki semizlikdan aziyat chekadi
2035 yilga kelib Yer yuzida yashovchi odamlarning yarmidan ko‘pi ortiqcha vazn yoki semizlikka duchor bo‘ladi va bu muammo ko‘proq bolalarga ta’sir qiladi. Bunday prognoz Butunjahon semizlikka qarshi kurashish federatsiyasi (WOF) hisobotida keltirildi.
WOF ekspertlarining ta’kidlashicha, ortiqcha vazn va semirish muammosi dunyoning barcha mamlakatlarida mavjud, ammo kam daromadli mamlakatlarda bu muammolardan aziyat chekayotganlar soni so‘nggi yillarda ayniqsa tez o‘sib bormoqda. WOF hisob-kitoblariga ko‘ra, agar vaziyat hozirgidek davom etsa, 2035 yilga borib dunyoda 4 milliarddan ortiq odam ortiqcha vazndan aziyat chekadi, ularning 2 milliardi semizlikdan qiynaladi. Shu bilan birga, 2035 yilga borib semirib ketgan o‘g‘il bolalar soni ikki baravar ko‘payib, 208 millionga, xuddi shunday muammoga duchor bo‘lgan qizlar soni esa 175 millionga yetadi.
2035 yilga kelib, WOF prognozlariga ko‘ra, ortiqcha vaznli va semirib ketgan odamlarning juda yuqori ulushi kuzatiladigan mamlakatlar, jumladan Kiribati va Tonga (katta yoshli aholining 67 foizi), Samoa (66 foizi), Mikroneziya (64 foizi), Fransiya Polineziyasi (65 foiz) kabilar hisoblanadi. Vaziyat ko‘ngildagidek bo‘lgan davlatlar qatorida Vetnam (7 foiz), Yaponiya (8 foiz) va Singapur (9 foiz) bo‘ladi.
Dunyo uchun semizlikning iqtisodiy oqibatlari, WOF hisob-kitoblariga ko‘ra, har yili 4 trillion dollardan oshadi, bu global yalpi ichki mahsulotning deyarli 3 foizini tashkil etadi va COVID-19 pandemiyasidagi global iqtisodiyotning yo‘qotishlariga qiyoslanadi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)