Belgiyada xandaq qaziyotgan talaba 9 million yevrolik oltin xazinaga duch keldi

Belgiyada oddiy qurilish ishlarini bajarayotgan 18 yoshli talaba kutilmaganda taxminan 9 million yevrolik oltin xazinaga duch keldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Voqea Sint-Gillis-Dendermonde shahridagi sobiq pivo zavodi hududida yuz bergan. Kobe ismli talaba yozgi ish vaqtida yangi kanalizatsiya tizimi uchun xandaq qaziyotgan bo‘lgan. Ish jarayonida u hamkasblari bilan birga yer ostida yashirilgan qimmatbaho buyumlarga duch kelgan.
Dastlab ishchilar topilgan buyumlarni oddiy tangalar deb o‘ylagan. Biroq qazish ishlarini davom ettirishganida, ular oltin tangalar, oltin bo‘laklari va raqamlangan oltin quymalaridan iborat xazinani topishgan.
Ma’lum bo‘lishicha, xazina XIX asr oxirida qurilgan villaning yerto‘lasidagi g‘isht bilan berkitilgan devor ichida qopga solib yashirilgan. Mazkur bino o‘sha hududdagi pivo zavodi egasi Teofil Van Assega tegishli bo‘lgan.
Topilmaning umumiy qiymati taxminan 9 million yevroga baholangan. Ishchilar xazinani topgach, darhol tegishli tashkilotlarga xabar bergan. Hozirda oltinlar xavfsiz joyga olib chiqilgan, mutaxassislar esa uning kelib chiqishi va qonuniy egasini aniqlamoqda.
Rasmiylar xazina ataylab yashirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Uning kimga tegishli ekani masalasi hal qilinguniga qadar, topilma bo‘yicha huquqiy jarayon davom etadi.






























Izohlar 0
…