Muborak Ramazon oyi va uning yakunida nishonlanuvchi “Iyd al-Fitr” bayrami hatto musumon bo‘lmaganlarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ramazon hamda uning yakunida musulmonlar nishonlaydigan Iyd Ramazon ularning ham diqqatini o‘ziga tortadi, tafakkur qilishga chorlaydi.
Ular ro‘za va islomi hayot tarziga qiziqishlari ortadi, Ramazon oyi, taroveh va tahujjud namozlari haqida turli savollar berishadi.
Ma’lumki, Ramazon oyida musulmonlar kambag‘al va muhtojlarga ayniqsa ko‘proq diqqat qaratishadi. Ularga boshqa oylardagidan ko‘ra ko‘proq yaxshilik va ehson qilishga urinishadi. Ramazon oyi nihoyasida esa Ro‘za bayramida ular xursandchilik qilishadi, bir-birlarini tabriklab, tanishlari va qarindoshlarini ziyorat qilishadi. Bu albatta nomusulmonlarning e’tiboridan chetda qolmaydi.
Hind yigiti Rahul ham shunday savollar ortidan Islomga e’tibor qarata boshladi. Aynan Ramazon oyi uning Islomni qabul qilishiga sabab bo‘lgan.
Quyida Rahulning qanday Islomga kirgani uning o‘z tilidan hikoya qilinadi: «Men aksariyat hindlar kabi hinduizm diniga e’tiqod qiluvchi oilada tug‘ilib, o‘sganman. Xalqimizning ko‘pchiligi turli sanamlarga va hayvonlarga sig‘inishadi. Ayrimlari quyoshga sig‘inishadi.
Men ham bu din va uning sanoqsiz ilohlari, kufr va shirk ummoniga g‘arq bo‘lib yashayverdim. Lekin Alloh menga menga arab davlatida ishlash imkoniyatini berdi.
Bu mamlakatda men umrimda birinchi bor Islom nima ekanligini tushuna boshladim. Uch yil mobaynida O‘mon sultonligida ishlashimga to‘g‘ri keldi. Bu musulmon davlatida o‘tgan vaqtim mening tafakkurimga ta’sir qildi, ongimni tubdan o‘zgartirdi va hidoyat nurini ko‘rishimga yordam berdi.
Musulmon hamkasblarim bilan ishlash davomida ularning ro‘za tutishi diqqatimni tortdi. Ro‘za haqida ularga ko‘proq savol bera boshladim.
Musulmon do‘stlarim savollarimga jiddiy munosabatda bo‘lishdi. Ro‘za orqali yagona Allohga yaqinlashishni niyat qilishganini tushuntirishdi.
Shuningdek, ular Ramazon oyida muqaddas Qur’oni Karim nozil qilinganini, shu bois bu oyda ko‘proq Qur’on o‘qish lozimligini aytishdi. Shuningdek, Ramazonda savob ishlarni ko‘proq qilish lozimligi, chunki bu oyda savob ishlar uchun ajr-mukofot bir necha barobar ko‘p bo‘lishini tushuntirishdi».
Rahul bu gaplarni umrida birinchi bor eshitayotgani uchun juda hayron qoldi. Islomni yanada chuqurroq o‘rganishga harakat qila boshladi.
Avvaliga Rahul musulmon do‘stlari ro‘za paytida nimani his qilishlarini anglash uchun o‘zi ham ro‘za tutib ko‘rishga qaror qildi.
Komillik sari qadam
Keyin esa Rahul O‘monda o‘tgan 3 yil davomida har Ramazon kanda qilmay ro‘za tutganini aytadi. Unga shuningdek, musulmonlar Ramazon tugaganidan so‘ng Iyd Ramazonni bayram qilishlari ham juda ma’qul bo‘ldi.
Rohul Islomni o‘rganishda davom eta boshladi. Va o‘zining ko‘plab savollariga javob topdi. U musulmonlarning xulq-atvorini o‘rgandi, masjidlarda millati va irqini farqlamagan holda bir safda turib namoz o‘qishlarini, muhtojlarga sadaqa tarqatishlarini ko‘rdi. Azon tovushlarini eshitib, qalbi larzaga keldi.
Rahul o‘z hikoyasini davom ettiradi: «Bu din haqidagi tasavvurlarim Qur’onni o‘qib ko‘rganimdan keyin takomiliga yetdi, desam bo‘ladi. Men Qur’onda o‘zimni qiynab kelgan ko‘plab savollarga javob topdim. “Mening Rabbim kim? Unga qanday sig‘inish kerak? U nega bizlarni yaratgan? O‘lganimizdan keyin bizni nimalar kutyapti?” qabilidagi savollarimga javob oldim.
Bundan tashqari Youtube tarmog‘ida hinduizm dinini qo‘yib, Islomga kirgan ko‘plab hind da’vatchilarining videoroliklarini tomosha qildim, ular Islomning haq din ekaniga bo‘lgan ishonchimni yanada mustahkamladi”.
Shundan keyin Rahul Hindistonga qaytdi va islomga kirgan hind do‘stidan unga shahodat kalimasini o‘rgatishni so‘radi.
Bir qancha vaqtdan keyin Rahul BAAga ishga bordi. Shu tariqa Alloh unga yana islom davlatida ishlashni nasib etdi. Rahul Islom dini asoslarini yanada chuqurroq o‘rgana boshladi.
Shu tariqa hind yigiti Ramazon ro‘zasi sharofati bilan Islom diniga qiziqdi, o‘rgandi va iymonga kirdi.
Rahul iymon sharafiga muyassar bo‘lishiga Ramazonga bo‘lgan muhabbati bois o‘z ismini Rayyon ismiga o‘zgartirdi. Zero bu unga jannatning faqat ro‘zadorlar kiradigan Rayyon darvozasini eslatib turadi.
Abulfayz Sayidasqarov
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar