Rossiya qo‘shini deyarli barcha yo‘nalishlarda yurishlarini to‘xtatgan. Katta ehtimol bilan bu qo‘mondonlik ukrainlarning qarshi hujumini kutayotgani va unga tayyorgarlik ko‘rayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, rossiyaliklarning hujumlari davom etayotgan ayrim uchastkalardagi voqealar agar Ukraina qurolli kuchlari o‘z yurishini kechiktirsa, nima ro‘y berishi mumkinligini ko‘rsatadi: bu uchastkalarda ukrain qo‘shinlari yo‘qotishlarga uchramoqda va Rossiya artilleriyasi hamda aviatsiyasining shiddatli bosimi ostida asta-sekin chekinishda davom etmoqda.
Baxmut
Baxmutda Ukrain qurolli kuchlari shaharning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy chekkalariga chekindi va ikki ta’minot yo‘lidan birini yo‘qotdi. Endilikda mudofaa kvartallarga emas, Ivanovskiy va Xromove o‘rtasidagi tepaliklarda joylashgan istehkomlarga tayanmoqda). Shaharning o‘zidagi ukrain harbiylari normal ta’minotdan mahrum bo‘lgan va kuniga yuz-ikki yuz metrdan ortga chekinib bormoqda.
- Aprel oyi oxirida Ukraina QK Baxmutning butun g‘arbiy hududlari, shuningdek shu atrofdagi harbiy qism binolaridan yuqorida joylashgan Tibbiyot kolleji binosi nazoratini boy bergandi.
- Shimoldan hujum qilayotgan «Vagner» XHK yollanma jangchilari xususiy qurilishlar orqali bir masofaga ilgarilab, Yubileynaya ko‘chasiga yetib kelishdi - bu ko‘cha orqali g‘arbdagi kvartallar ta’minoti amalga oshirilayotgandi. Yubileyneyadan Ivanovskiy va Xromove oralig‘idagi tepaliklarga olib o‘tuvchi bir necha chiqish yo‘llari mavjud. Baxmutdagi garnizonga endi shu tuproq yo‘llar orqali ta’minot yetkazib berilmoqda.
- Xuddi shu yo‘llar orqali Baxmutdan janubi-g‘arbdagi chiqish hududini (Chaykovskiy ko‘chasi bo‘ylab) nazorat qilayotgan bo‘linma ta’minoti ham amalga oshiriladi. Yubileynaya va Chaykovskiy chorrahasi aprel oyining so‘nggi kunlarida «Vagner» XHK tomonidan egallangan, natijada Ukraina QKning ikki guruhi — g‘arbiy kvartallardagi va janubi-g‘arbiy chiqishdagi bo‘linmalar — shaharning o‘zida bir-biri bilan aloqani yo‘qotgan. Ammo ular Ivanovskiy va Xromove o‘rtasidagi hudud orqali o‘zaro hamkorlikda harakat qilishi mumkin.
- Agar janubi-g‘arbiy chiqishda Chaykovskiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylar ham egallanadigan bo‘lsa, bu ta’minot va o‘zaro aloqa bo‘yicha vaziyatni jiddiy darajada og‘irlashtiradi: yuqori qavatlardan Baxmutga olib keluvchi barcha tuproqli yo‘llar yaqqol ko‘rinib turadi. Shahar ichidagi janglar amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, «Vagner» XHK baland binolarni egallaganida ularning tomiga darhol kuzatuv punktlari va tankka qarshi raketa komplekslari o‘rnatmoqda va bu ta’minotni deyarli imkonsiz qilib qo‘ymoqda.
- Xromove o‘tuvchi yo‘l (avval ta’minotning asosiy qismi shu yo‘l orqali olib kelinardi) bir necha hafta davom etgan janglardan keyin «Vagner» XHK tomonidan kesib qo‘yildi. Bungacha yo‘lni shimoldan turib o‘qqa tutib kelgan yollanma jangchilar endi yo‘lning o‘ziga chiqishgan va yo‘l bo‘yida avval ukrain harbiylariga tegishli bo‘lgan okoplarda o‘rnashishgan. Ammo ularda yo‘lning bu tomoniga o‘tish va janubga, Ivanovskiy tomon ilgarilab, Ukraina qurolli kuchlari ixtiyorida qolgan oxirgi tuproq yo‘llarni ham to‘sib qo‘yish uchun kuchlar yetarli emas. Hududning sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlari ko‘rsatishicha, ukrain qo‘shini so‘nggi haftalar davomida Xromove va Ivanovskiy oralig‘idagi hududda o‘nlab kilometrlik okoplar qazishgan. Bu uchastkada Ukraina qurolli kuchlari tanklari ham ishlamoqda.
- Baxmut uchun dramatik jang istalgan kunda tugashi mumkin: normal ta’minotdan mahrum bo‘lgan garnizon qoldiqlari shunchaki shahardagi binolardan siqib chiqariladi. Bunga faqat ukrainlarning Baxmutdan shimol va janubda yirik qarshi hujumga o‘tishi to‘sqinlik qilishi mumkin. Shu bilan birga, bunday qarshi hujum muvaffaqiyati uchun shahar ichkarisidagi pozitsiyalarni ushlab turish talab etilmaydi: shaharda ukrain harbiylari qolishi (yoki, aksincha, uning «Vagner» XHK tomonidan to‘liq egallanishi) — bu faqat chuqur siyosiy qaror masalasidir.
Maryinka
Rossiyaning 150-motoo‘qchilar diviziyasi ko‘p oylik janglardan keyin Maryinka shahri markazini egallagan — bu Donetskdan g‘arbda joylashgan muhim shahar hisoblanadi. Shu bilan birga, shahar to‘liq vayron qilingan (undan tom ma’noda faqat qurilish chiqindilari uyumlari qolgan). Rossiya qo‘shini bu shahar qoldiqlarini egallashdan qanday foyda olishi hozircha aniq emas: Ukraina QK Maryinkaning geografik chegaralaridan tashqarida ham himoyalanishga tayyor. RF qurolli kuchlarining shahardan janubda Pobeda qishlog‘i tomon boshlagan bahorgi yurishlari esa muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Ammo bu yo‘nalishdagi vaziyat shuni ko‘rsatadiki, Ukraina qurolli kuchlariga yaxshi jihozlangan pozitsiyalardagi passiv himoyalanish muvaffaqiyat keltirmaydi. Ular nima bo‘lganda ham tashabbusni qo‘lga olishi va o‘z yurishini boshlashi talab etiladi.
Dniprodagi orol
Ukraina QK Rossiya Dniproning so‘l sohiliga chekinganidan buyon o‘tgan yarim yil ichida daryoning quyi oqimidagi farvaterni (Xerson yaqinidagi kemalar harakatlana oladigan chuqurlik) va chap sohilga yaqin joylashgan orollarni egallab olishga muvaffaq bo‘ldi. Miqdori aniq bo‘lmagan ukrain otryadlari Xerson yaqinida daryoni kechib o‘tib, Dachi posyolkasiga joylashgan. Lekin bu platsdarm botqoqlikda joylashgan; bundan tashqari, Ukraina QK unga daryo orqali qanday qilib ta’minot yetkazishi mumkinligi aniq emas.
Ammo Rossiya qo‘mondonligi tahdidni jiddiy qabul qildi: Dachidagi va orollardagi pozitsiyalarga bir necha kundan buyon Rossiya aviatsiyasi tomonidan zarbalar berilmoqda.
Ukraina QK Dniproni kechib o‘tishi kutilayotgan qarshi hujumdagi asosiy zarba bo‘lishi dargumon. Ammo Zaporijjya tomondan Qrim yo‘nalishida muvaffaqiyatli ilgarilanganda Dnipro bo‘yidagi platsdarm yordamchi rolni bajarishi mumkin. O‘tgan yil kuzida ham shunday bo‘lgandi, o‘shanda Balakliya yaqinidagi muvaffaqiyatdan keyin Ukraina QK Shimoliy Donni kechib o‘tgan va muhim transport tuguni vazifaini bajaruvchi Liman shahrini egallab olgandi — natijada Rossiya qo‘shini Xarkiv oblastidan butunlay chekinishga majbur bo‘lgandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!